АYOL VА JАMIYaT

2021 yil 26 fevral kuni O‘zbekiston Milliy Universiteti Xotin-qizlar masalalari maslahat kengashi raisi Ra’no Rustamova tomonidan “Ayol va jamiyat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yyobga chiqarishi, mamlakatimiz yigit-qizlarini XXI asr talabalariga to‘liq javob beradigan har tomonlama rivojlangan shaxslar etib voyaga yetkazishda ayollarning roli beqiyosdir. Ayol — millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlar e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Har qanday xalqning ma’naviy darajasini avvalo, shu yurt ayollarining ma’naviy saviyasi belgilaydi, deb bejiz aytilmagan.

Zero, ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shu jihatdan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat bo‘ldi. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Eng muhimi, yurtimizda ayol rahbarlar – vazirlar, hokimlar, ishlab chiqarish birlashmalari, bank va kompaniyalar raislari, huquq-tartibot idoralarida mas’ul vazifalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz soni ortib borayotir. Binobarin, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘irini yengil qilish, qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘tgan yillar davomida salmoqli ishlar qilindi. Jumladan, respublikamizning barcha hududlarida xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilib, opa-singillarimizga tadbirkorlik, hunarmandlik, kasbga qayta tayyorlash, bandlikni ta’minlash yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Ana shunday imkoniyatlar tufayli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni tobora oshib, ular tomonidan minglab yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Joriy yilda ham mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlashga qaratilgan ezgu ishlar ko‘lami yanada kengayishiga shubha yo‘q.

Sababi Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Xulosa qilib aytganda, ayollarga izzat-ikrom ko‘rsatish, ularni ardoqlash, og‘irini yengil qilish ishlariga davlatimiz tobora katta ahamiyat bermoqda. Zotan, opa-singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish har bir rahbarlarningmuqaddas insoniy burchidir. Tadbirda Ijtimoiy fanlar fakulteti Etika va estetika kafedra mudiri professor Lalixon Muxamedjonova, fakultetlar xotin-qizlar kengashi raislari va talaba-qizlar ishtrok etishidi.