Ta’ziya

O‘ZBEK TILSHUNOSLIK ILMI OG‘IR JUDOLIKKA UCHRADI
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, Tilshunoslik ilmi bo‘yicha 10 dan ortiq darslik, 20 dan ortiq o‘quv qo‘llanmalar muallifi, O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakulteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Yormat Tojiyev 82 yoshida olamdan o‘tdi.
Yormat Tojiyev 1940-yilda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanining Rafqon qishlog‘ida tavallud topgan. 1962-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) ning filologiya fakultetini tugatgan.
Talabalik chog‘larida Ayub G‘ulomov, Subutoy Dolimov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Siddiq Fuzailov, Miraziz Mirtojiyev, Farog‘at Ubayeva kabi ulug‘ ustozlardan saboq oldi.
O‘qishni tugatgach, shu jamoaning o‘zida 1967 yilda mehnat faoliyatini boshlab o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, professor lavozimlarida 55 yil mobaynida halol mehnat qilib, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berdi. 
Yormat Tojiyevni til ilmining sirli dunyosiga olib kirgan, unda o‘z shaxsiy ibrati bilan shu fanga bo‘lgan muhabbatni rivojlantirgan, olim, sifatida shakllanishiga yetakchilik qilgan inson – bu o‘zbek tilshunosligi ilmiga tamal toshini qo‘ygan professor Ayub G‘ulomovdir.
XX asrda o‘ziga xos ilmiy maktab yaratgan olim Ayub G‘ulomovning chin, sadoqatli shogirdi. Samimiy do‘stlik, ishonch, sadoqat, mehr kabi oddiy insoniy tuyg‘ular bu ikki buyuk olim o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik munosabati uchun zamindir.
1974-yilda Ayub G‘ulomov rahbarligida “Ega ekanlik va ega emaslik maʼnolarini ifodalovchi affikslar sinonimiyasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.  1992-yili “O‘zbek tilida affiksal sinonimiya” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan himoya qilib, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini egalladi. Doktorlik himoyasi mustaqilligimizning dastlabki yillariga to‘g‘ri kelganligi tufayli ilmiy ish xulosalari sobiq ittifoq OAKsiga yuboriladi. Shu yili O‘zbekistonda tashkil qilingan OAK ham ushbu tadqiqotni qabul qilib oladi. Har ikki ilmiy tashkilot ham Yormat Tojiyev ilmiy tadqiqoti yuzasidan unga doktorlik ilmiy darajasini topshiradi. Professor Yormat Tojiyev tilshunoslikning barcha sohasi bo‘yicha ilmiy kuzatishlar olib borgan olim.
Ustoz asosan so‘z, o‘zak, negiz munosabatlari, o‘zak marfemalarning fonetik  tuzilishi, affiks morfemalar, affiks morfemalarning hosil bo‘lishi, forma hosil qiluvchi ergash morfemalar, affikslarning ko‘p maʼnoliligi, affikslarda omonimiya, sinonimiya, polisemiya kabi masalalarga bag‘ishlangan tadqiqotlar muallifidir.
Professor Yormat Tojiyev ilmiy rahbarligida 12 nafar fan doktori, 21 nafar fan nomzodi o‘z ilmiy-tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Yormat Todjiyev o‘zlarining ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyati mazmunli hayot tarzi, odob-axloq va muomala madaniyati, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi fazilatlari bilan barchamizga ibrat namunasi edilar.
O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati va Jurnalistika fakulteti jamoasi marhumning yaqinlari va oila aʼzolariga taʼziya bildiradi.
Olimlar o‘lmaydi, ular mangu yashaydi.

O’zMU Axborot xizmati