Bo‘lg‘usi Axborot xizmati xodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi 

Teran fikrli, iste’dodli, qalami o‘tkir, nutqi ravon jurnalistgina tashkilotlarning Axborot xizmatida samarali faoliyat ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida «Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirishda Axborot xizmatining o‘rni» mavzuida o‘tkazilgan seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva bu borada atroflicha so‘z yuritdi. 

– Jamiyat turli axborot oqimlaridan oziqlanadi. Agar bu oqimlarga qo‘shilmasangiz, ularning tarkibini boshqarmasangiz, kerakli ijtimoiy aloqalarni o‘rnatmasangiz, faoliyatingizni samarali rivojlantirishingiz mushkul bo‘ladi,– dedi ma’ruzachi.– Siz o‘zingiz haqingizdagi materiallar bilan jamoatchilikni tanishtirib bormasangiz, faoliyatingizga nisbatan noto‘g‘ri fikrlar shakllanishi mumkin. Ya’ni, o‘z qobig‘iga o‘ralashib qolish ko‘pincha salbiy munosabatlar urchishiga olib keladi. Jamoatchilik bilan aloqalar – tashkilot va uning jamoatchiligi bilan muloqot orqali o‘zaro tushunish, tashkilotga nisbatan hamkorlik o‘rnatuvchi va qo‘llab-quvvatlovchi funksiyalarni bajaradi. PR texnologiya – bu tashkilotga nisbatan jamoatchilikning ijobiy fikrini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar majmui. Masalan, ommabop gazetalarda muhim yangiliklar, xabarlarni chop etish, teleko‘rsatuvlar orqali chiqishlar, muhim tavsiyalar, maslahatlar va sa’y-harakatlar tashkilotning munosib imijini yaratishga xizmat qiladi. Jamoatchilik bilan aloqalar jarayonida birinchi galda o‘zaro manfaatlarni hisobga olish, o‘zaro tushunish, ijobiy muhit yaratishdek sa’y-harakatlar muvaffaqiyatga erishish yo‘lida muhim omil hisoblanadi. 

Bo‘lg‘usi matbuot kotiblari bilan interfaol usulda o‘tkazilgan seminar-treningda Sevara O‘rinboyeva jamoatchilik bilan aloqalarning vazifasi, bugungi kunda davlat tashkilotlarida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Axborot xizmatlari va ularga qo‘yilayotgan talablar, axborot manbalarini yaratish borasida o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi. 

– Talabalarimiz tajribali jurnalistlar, matbuot kotiblaridan soha sirlari hamda amaliyotini puxta o‘zlashtirishlariga umid qilamiz,– dedi “Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama” kafedrasi mudiri Ramziddin Abdusattorov.– Bugungi seminar-treningimizda bo‘lg‘usi matbuot kotiblari Axborot xizmati xodimi avvalo yetuk jurnalist bo‘lishi lozimligini ham anglab yetdilar. Ularga interfaol usulda mashg‘ulot o‘tkazgan Sevara O‘rinboyeva avvalo “Yoshlar” teleradiokanalining Ma’naviy-ma’rifiy eshittirishlar tayyorlash bo‘limi muharriri, O‘zEOAVMA “Parlament soati” axborot tahliliy dasturi muxbiri va loyihasi rahbari, “Mening yurtim” telekanali “Mening ovozim: Xalq bilan muloqot” tok-shousi loyihasi rahbari va boshlovchisi sifatida muayyan tajribiga ega bo‘lgan. Shul bois O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. 

Seminar-trening so‘nggida O‘zMU Jurnalistika fakulteti talabalari uchun Adliya vazirligi Axborot xizmatida mahorat maktabi tashkil etishga kelishib olindi. 

O‘zMU Axborot xizmati