Joriy yilning 27-mart kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligida soha prorektorlari, mutaxassis-olimlar ishtirokida turizm sohasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan Jizzax viloyati Zomin tumanida seminar-trening tashkil etildi.
Unda Jizzax viloyati Zomin, Arnasoy, Forish va Sirdaryo viloyati Xovos tumanlari mas’ul hokim o‘rinbosarlari, turizm bo‘yicha tuman mutasaddilari ishtirok etishdi.
Seminar-treningda “Gastroturizmni rivojlantirishning istiqbollari va inklyuziv turizmni tashkil etish” hamda «Zomin mahallalarining barqaror rivojlanishida tarixiy-etnografik turizmning roli» mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Universitetga biriktirilgan tumanlar mutasaddilari bilan turizmni rivojlantirishdagi mavjud muammolar va istiqbollar bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, Zomin tumanidagi 60-maktabda O‘zbekiston Milliy universiteti “Metodik yordam auditoriyasi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu markazda tuman maktablaridagi iqtidorli o‘quvchilar bilan maqsadli ishlash hamda o‘qituvchilar uchun ehtiyoj mavjud fanlardan online va offline mashg‘ulotlar o‘tkazish asosida metodik ko‘mak ko‘rsatish maqsad qilingan.
O’zMU Axborot xizmati