Xorijiy filologiya fakulteti Mirzo Ulug‘bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetining nufuzli fakultetlaridan biri.
Xorijiy filologiya fakulteti 1994-yili roman – german filologiyasi va rus filologiyasi fakultetlarining birlashishi natijasida tashkil topgan. Roman-german filologiyasi fakulteti 1962-yilda tashkil etilgan. Rus filologiyasi kafedrasi universitetning keksa kafedralaridan hisoblanib, u 1941-1942 yillarda tarix-filologiya fakulteti tarkibida tashkil etilgan. 1943 yildan filologiya fakulteti alohida fakultet boʼlib ajralib chiqadi.
Fakultetining tashkil topishida Ikkinchi Jahon urushi yillarida Oʼrta Osiyo universitetida mehnat qilgan rus olimlari akademiklar V.M.Jirmunskiy va V.F.Shishmarevning xizmatlari katta bo’lgan. Ularning tashabbuslari bilan 1943 yil universitetning filologiya fakulteti tarkibida roman-german filologiyasi kafedrasi ochilgan. Roman-german filologiyasi fakultetiga turli yillarda dotsentlar Ye.F.Vaganov (1963-1981), Z.B.Sattarova (1981-1985), J.А.Bobojonova (1985-1992) va f.f.d., professor А.А.Аbuduazizov (1992-1994) rahbarlik qildilar. Rus filologiyasi fakultetini dotsent P.P.Filippov boshqargan (1980-1994). Yangidan tashkil etilgan xorijiy filologiya fakultetini Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan fan arbobi, professor А.А.Аbduazizov rahbarlik qilgan (1994-2007). 2007 yil 20 avgustdan 2008 yil iyulgacha fakultetni f.f.d., professor А.E.Mamatov boshqargan. 2008 yil iyuldan 2012 yilgacha fakultetga f.f.n., dotsent Sh.S. Imyaminova rahbarlik qilgan. 2012 yil noyabrdan 2013 yil iyulgacha f.f.n., dotsent J.Sh.Djumabaeva boshqargan. 2013 yil iyuldan shu vaqtga qadar f.f.n., dotsent I.А.Joʼrayeva rahbarlik qilib kelmoqda.
Fakultet professor-o’qituvchilarining bugungi kundagi asosiy vazifalari – talabalarga kelajakda jamiyatda o’z o’rinlarini topishiga, bir nechta xorij tillarini mukammal biladigan, mustaqil, ijodkor va yetuk mutaxassislar bo’lib etishishlariga yordam berish. Bugungi kunda fakultet jamoasining diqqat e’tibori respublikamizda ilm-fanni rivojlanishiga katta hissa qo’shish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, hamkorlikdagi ta’lim loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan.