O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi O‘zbekiston Milliy universtiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakultetining “Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya” kafedrasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Dastlab bu kafedra 1940-yilda O‘rta Osiyoda yakkayu-yagona bo‘lgan «Iqtisodiy geografiya» nomida tashkil topdi. Keyinchalik u «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» (1978 y.) deb yuritila boshladi. 1998 yildan esa, mazkur kafedra «Ijtimoiy geografiya va mintaqaviy iqtisodiyot» nomi bilan faoliyat ko‘rsatdi. Keyinchalik uning nomi bir necha marotaba o‘zgargan bo‘lsada bugungi kunda yana shu nom bilan ya’ni «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» nomi bilan yuritilmoqda.
Kafedraning dastlabki mudiri geografiya fanlari nomzodi, dotsent V.G. Kuznetsov bo‘lgan. So‘ngra uni g.f.d., professor M.G. Kadek (1941-1945 yy.), g.f.d. professor V.M.Chetirkin (1944-1948 yy.), g.f.n., dotsent R.S.Lobach (1948-1954 yy.), g.f.n., dotsent Sapenko (1954-1959 yy.) boshqarib kelgan. 1960-1969 yillar mobaynida ushbu vazifani g.f.n., dotsent N.G.Smirnov bajarib kelgan. Maxalliy o‘zbek olimlaridan birinchi bo‘lib bu kafedraga g.f.d., professor Z.M.Akramov rahbarlik qildi. U kafedra mudiri lavozimida 1969-1984 yillar davomida ishlab keldi, 1984 yildan 2010 yilgacha kafedrani taniqli olim g.f.d., prof. A.S.Soliev boshqardi. Hozirgi kunda kafedrani geografiya fanlari doktori, professor Z.N.Tojieva boshqarib kelmoqda.
Kafedraning ilmiy-pedagogik salohiyati yuksalishi va o‘quv-uslubiy ishlar rivojlanishida olimlar G.N.Cherdansev, A.N.Rakitnikov, O.B. Ota-Mirzaev, A.A.Qayumov, T.I.Raimov, R.A. Xodiev, T.E.Egamberdiev, T.T.Tojimov, S.S.Saidkarimov, S.B.Boqiev, M.R.Bo‘rieva, A.M.Sodiqovlarning xizmatlari salmoqli bo‘lgan.
Kafedra tarixiga e’tibor bersak, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning eng muxim va dolzarb yo‘nalishlari: iqtisodiy rayonlashtirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, axoli geografiyasi, shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiya muammolari, umuman ijtimoiy (sotsial) geografiyaning turli soxalari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilayotgani ko‘zga tashlanadi. 1998-1999 o‘quv yilida MDH mamlakatlari o‘rtasida ilk bor prof. A.S.Soliev tomonidan olg‘a surilgan mintaqaviy iqitisodiyot yo‘nalishiga bog‘liq nazariy va amaliy masalalar katta qiziqish bilan o‘rganilib kelindi.
So‘nggi yillarda, jahon taraqqiyotiga mos andozalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda ham an’anaviy ilmiy yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. Masalan, aholiga tibbiy, ta’lim va boshqa sohalarda xizmat ko‘rsatish, siyosiy geografiya va geosiyosat, sotsial geografiya, turizm va rekreatsiya, tibbiy va kasalliklar geografiyasi (nozogeografiya), jinoyatchilik geografiyasi kabilar rivojlanib bormoqda. Ularning barchasida O‘zMU «Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya» kafedrasi asosida mustaqillik yillarida shakllangan milliy iqtisodiy geografiya ilmiy maktabi va unga uyushgan olimlarning hissasi bevosita katta bo‘ldi. SHu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur ilmiy maktabning shakllanishi va samarali rivojlanishida ikki katta-olim Ziyovutdin Muxitdinovich Akramov va Abdusami Solievich Solievlar etakchi bo‘ldilar.
Iqtisodiy geografiyaning tarixi eng avvalo iqtisodiy rayonlashtirish muammolari bilan bog‘liq. Mamlakatimiz, xususan O‘zMU kafedrasida iqtisodiy rayonlashtirish masalasi birinchi navbatda tabiiy geografiya, so‘ngra qishloq xo‘jaligi talab va extiyojlarini o‘z ichiga oladi. Mana shundan kelib chiqqan xolda, iqtisodiy geografiya ilmiy maktabida olib borilgan tadqiqotlar negizida integral, ya’ni asosiy iqtisodiy rayonlarni aniqlashga o‘tildi. Bu borada taniqli olimlar V.M. Chetirkin, Z.M. Akramov, A.S.Soliev, O.B. Ota-Mirzaev va boshqalar tomonidan bajarilgan ilmiy yo‘nalishlar ilmiy jamoachilik e’tiborini qozongani ma’lum.
Respublikamizda iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ilmiy maktabi asosan ikkita yo‘nalishga ega. Bu yo‘nalishlarning biri agrogeografiya (qishloq xo‘jaligi geografiyasi) bo‘lsa, ikkinchisi aholi geografiyasidir. Xususan bu yo‘nalishda shaharlar rivojlanishi va urbanizatsiya jarayonining xududiy muammolari o‘rganilmoqda. YUqoridagi muhim ilmiy yo‘nalishlar hozirgi zamon Vatan geografiya fanining ustunlari bo‘lmish, ikki zabardast olim va buyuk inson prof. Akramov Ziyovutdin Muxitdinovich va prof. Soliev Abdusami Solievichlarning o‘zaro uyg‘un va xamkorlikda samara topgan ilmiy-ijodiy va pedagogik-ustozlik faoliyatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘ldi. Mana shuning uchun xam bu norasmiy ilmiy uyushmani to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Akramov-Solievlarning ilmiy maktabi», deb atash mumkin.
O‘zbekiston iqtisodiy geografiya ilmiy maktabi tez orada nafaqat respublikada, balki qo‘shni respublikalar va boshqa xorij mamlakatlarida xam e’tibor topdi. Jumladan, bu borada, xususan mazkur ilmiy maktabda etishtirilgan fan nomzodlari va doktorlari, uning xalqaro aloqalari to‘g‘risida Moskva Davlat universitetining professorlari Y.G.Saushkin, A.I.Kovalyov, Perm Davlat universiteti professori M.D.Sharigin, Sankt-Peterburg Davlat universiteti professori A.I.Chistobaev, Qozog‘iston Milliy universiteti professorlari S.R.Erdavletov va Sh.M. Nadirovlar yuqori baho berishgan.
Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya
Kafedra mudiri
TOJIYEVA ZULXUMOR NAZAROVNA
Kafedra mudiri
Ilmiy darajasi:
Fan doktori, DSc
Ilmiy unvoni:
Professor
Kafedra tarixi
Kafedra tarkibi
Ilmiy faoliyat
№ | Tadqiqotchi professor-o‘qituvchining F.I.SH | Ilmiy darajasi, unvoni | Dissertatsiya ishi mavzusi |
1 | Nazarov Mamatqodir Ismatillaevich | g.f.n., dotsent | O‘zbekiston qishloq joylarida ijtimoiy infratuzilmani hududiy tashkil etilishi va rivojlanishi |
2 | Qurbonov Shuxrat Bekmetovich | g.f.f.d. (PhD), dotsent | O‘zbekiston hududlarida aholi turmush sifatining ijtimoiy geografik tahlili: nazariya, metodika, amaliyot |
Xalqaro hamkorlik
Mahalliy hamkorlar:
- O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti
- «O‘ZGASHKLITI» DAVLAT UNITAR KORXONASI
- Toshkent tumani 24-maktab
- “Oʼzb. Res. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti
- G.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti
- “Tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.H.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi
- TDIU huzuridagi “Oʼzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy tadqiqot markazi
- Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish xududiy markazi