O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidovning ijod yo‘li betakror va benazirligi bilan xalqimizning bebaho ma’naviy boyligiga aylangan. Erkin Vohidov chinakam o‘zbek shoiri edi. El-yurtiga munosib farzand bo‘lishni yuragiga mahkam tugdi. Va bu yo‘lda samarali ijod qildi. O‘z ijodida vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini ilgari surdi. Go‘zal va rangin g‘oyalari bilan betakror ijod mahsulini yaratdi.
Joriy yilning 27 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Erkin Vohidov hayoti va ijodi bag‘ishlangan “Ijodga bag‘ishlangan umr” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbek filologiyasi kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboyev, pedagogika fanlari nomzodi Nodira Alouddinova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Botir Mallabayev, Kimyo va Tarix fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan professor Hamidulla Boltaboyev universitet tomonidan Erkin Vohidov hayoti va ijodini o‘rganish bo‘yicha juda katta ilmiy izlanishlar olib borilayotgani, shoirning ijodini o‘rganish va davom ettirish, uning nomini abadiylashtirish eng oliy maqsad ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan Erkin Vohidov qalamiga mansub she’rlaridan misralar, kuy va qo‘shiqlar mahorat bilan ijro etildi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi