Bugun, 26-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida hamda “22-aprel – Xalqaro Yer kuni” munosabati bilan “Barqaror rivojlanish maqsadlari: xorijiy tajriba va O‘zbekiston amaliyoti” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjumanda bir qator mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Tojikiston va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olimalar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov so‘zga chiqib, yurtimizda va mintaqadagi mavjud ekologik muammolarga to‘xtalib o‘tishdi.
“O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi oldida turgan dolzarb ekologik muammolarni hal qilish nihoyatda zarur. Eng dolzarb muammolardan biri iqlim o’zgarishi, qishloq xo’jaligining beqaror amaliyotlari va suvni noto’g’ri boshqarish bilan bog’liq bo’lgan suv tanqisligidir. Bir paytlar dunyodagi eng yirik ichki suv havzalaridan biri hisoblangan Orol dengizining qurishi suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarish va ulardan ortiqcha foydalanish oqibatlarini yaqqol eslatib turadi”.
Tadbir davomida mahalliy va xorijlik olimlarning ma’ruzalari tinglandi hamda “Yosh olimlarning eng yaxshi ilmiy ishi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya fan va ta’limning barcha yo‘nalishlarini qamrab oldi. Anjuman maqsadi Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan belgilangan barqaror rivojlanish maqsadlari asosidagi fan va ta’lim taraqqiyotini ta’minlovchi g‘oyalarni aniqlash, zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va integratsiyalashuviga keng imkon yaratishdan iborat bo‘ldi.
O’zMU Axborot xizmati