Bugun, 9-oktyabr O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari va boshqa tegishli mas’ullar bilan uchrashib, muloqot qildi.
Uchrashuv ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, talaba-yoshlarning bilimi, salohiyati va iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyat yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligini ta’minlash kabi muhim masalalarga bag‘ishlandi.
Talabalarning internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish borasidagi vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, talabalar turar joyi va boshqa binolarda yong‘in xavfsizligi, energiya tejamkorligini ta’minlash kabi masalalarga ham urg‘u berildi.
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlarining xorij tajribasini o‘rganib kelishlari uchun stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish, kasbiy faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan maxsus seminar-treninglarni tashkil etish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.