O‘zMU qoshidagi Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi tashkil etilganiga 5 yil to‘ldi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi tashkil etilganiga 5 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar qisqa vaqt mobaynida pedagogik jamoaning izlanish va sa’yi harakatlari bilan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari qo‘shinlari uchun rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash borasida o‘ziga xos tajriba to‘plangani qayd etildi.

Har bir mamlakatning kuch-qudrati, dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni, siyosiy-iqtisodiy rivoji uning yosh kadrlari salohiyati bilan belgilanadi. Shu bois mamlakatimiz ta’lim tizimining alohida bo‘g‘ini harbiy ta’lim yo‘nalishida ham jiddiy islohotlar o‘tkazildi. Bu jarayonlarni markazimiz faoliyatida ham kuzatish mumkin. Xususan, rezervdagi va zaxiradagi ofiserlarni tayyorlash bo‘yicha malaka talablari ishlab chiqildi va shu talablardan kelib chiqqan holda Mudofaa vazirligi boshqarma va bo‘limlari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda harbiy mutaxassisliklar bo‘yicha barcha o‘quv dasturlari yangilandi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlik kelishuvlariga ko‘ra, kursantlar ixtisosliklaridan kelib chiqib, dala mashg‘ulotlari maydonlarida, o‘quv markazlarida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

Ilmiy faoliyat doirasida 26 nafar professor-o‘qituvchilarimiz mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda, 25 nafar professor-o‘qituvchi dotsent ilmiy unvonini oldi, ikki nafar ofiser falsafa fanlari va pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega. Bugun markaz ilmiy salohiyati 40 foizga yetgan.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, kursantlar va yoshlar ishtirok etgan tadbirda faol o‘qituvchi va talabalar munosib taqdirlandi. Yoshlarga qurol-yarog‘ va harbiy texnika vositalari namoyish qilindi.

Ma’lumot uchun, oliy ta’lim muassasalarining 3-bosqichini tugatgan talabalar tegishli imtihon, sinov va ko‘riklardan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin markazga o‘qishga qabul qilinadi. Qabulda ularning bilim bo‘yicha reyting darajasi ham inobatga olinadi.

Belgilangan nizomga muvofiq, talabalarning harbiy tayyorgarlikdan o‘tish davridagi bilimi tegishli tartibga ko‘ra baholanadi. Harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasini topshirgan va bakalavriyatning to‘liq kursini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga “leytenant” harbiy unvoni berilib, ular haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladi yoki rezervga yoxud zaxiraga o‘tkaziladi.

O‘zMU Axborot xizmati