O‘zMU QS Osiyo universitetlari reytingida 242-o‘rinni egalladi

Nufuzli xalqaro QS reyting tashkiloti Osiyo Universitetlarining 2025-yil uchun (QS Asia University Rankings – 2025) reyting natijalarini e’lon qildi. O‘zbekiston Milliy universiteti yuqori natija ko‘rsatib, mintaqadagi yetakchi universitetlardan biriga aylandi.

2025-yil uchun QS Osiyo universitetlari reytinggi natijalariga ko‘ra, O‘zMU Osiyo mintaqasida 242-o‘rinni (o‘tgan yili #301-350), Markaziy Osiyo OTMlari orasida esa 12-o‘rinni egalladi.

Xorijiy professor o‘qituvchilar soni bo‘yicha O‘zMU 49-o‘rinni egallab, reytingning eng yaxshi 50 taligiga kirgan yagona O‘zbekiston universiteti bo‘ldi.

Bu natijalar universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnati, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim sifatini yaxshilash borasidagi harakatlarining ijobiy samarasidir.

Ma’lumot o‘rnida, Osiyoning 984 ta ilg‘or universitetlari e’tirof etilgan ushbu reytingda 23 ta O‘zbekistondagi OTM ham o‘z o‘rnini egallab, ta’lim tizimimizning raqobatbardosh ekanligini namoyon etdi.

Yangi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini sezilarli darajada yaxshilagan Osiyo davlatlaridan biriga aylandi. Bu esa O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasini ko‘rsatib, mamlakatning xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirmoqda.

O‘zMUning Dunyo universitetlari reytingidagi o‘sishi O‘zbekiston ta’lim tizimi xalqaro talab va standartlarga moslashib, raqobatbardoshligini oshirayotganini ko‘rsatadi. Shu tariqa O‘zMU nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa yoshlarini sifatli ta’lim bilan ta’minlashda yangi bosqichga chiqmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati