“Entrepreneurship and Employment” mavzuidagi ochiq dars

Joriy yilning 29-noyabr kuni II-juftlikda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti 503-auditoriyada Xorijiy til (Ingliz tili) fanidan “Entrepreneurship and Employment” mavzusida ochiq dars bo’lib o’tdi. Ochiq dars Xorijiy filologiya fakulteti “Fakultetlararo ingliz tili” kafedrasi katta o’qituvchisi Toshpo’latova Shirin tomonidan olib borildi.
Ochiq darsda Ta’lim sifatini nazorat qilish bo’lim boshlig’i Shuhrat Lakayev, Fakultetlararo ingliz tili kafedrasi mudiri Dilnoza Mazlitdinova, kafedra o’qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
O’qituvchi darsda bir necha maqsadlarni ilgari surdi. Jumladan, talabalarni berilgan mavzu bo’yicha kerakli bilimlar bilan ta’minlash, ularga mavzuni to’liq yoritib berish, talaba yoshlarning tadbirkorlik, biznes, ish bilan ta’minlanishdek muammolar bo’yicha fikr-mulohazalarini bilish, muammo haqida fikr almashish qobiliyatlarini rivojlantirish, bu sohadagi terminlar, yangi so’zlar bilan tanishtirishdi. Ushbu maqsadlarga erishishda pedagog turli qiziqarli interaktiv metodlardan foydalandi.
Dars davomida talabalar guruh bo’lib ishladilar va har bir guruh a’zolarining birgalikda dars davomida faol qatnashishi o’qituvchi tomonidan nazorat qilindi. Mashqlar ketma-ketligi to’g’ri belgilandi. Asosiysi o’qituvchi tomonidan topshiriqlar uchun berilgan ko’rsatmalar aniq va tushunarli bo’ldi. Dars kuzatuvchilar tomonidan ijobiy baholandi.

O’zMU Axborot xizmati