Xabaringiz bor, Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan joriy yilning 15-noyabr kunidan 15 dekabr kuniga qadar “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida yoshlar oyligi o’tkazilmoqda.
Yoshlar oyligi doirasida Toshkent shahar hokimligi, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi, O’zbekiston Milliy universiteti, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida bugun, 3 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tlazildi. Tadbirda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, ichki ishlar organlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari va Yoshlar ittifoqi faollari, 150 dan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, anjuman videokonferensiya tarzida 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlariga to’g’ridan-to’g’ri yetkazildi.
Anjumanda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishdagi ahamiyati, Davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridagi muhim strategiya islohotlarining, xususiy mulk, iqtisodiy rivojlanish va bozor munosabatlari ustuvorligi kafolatlarining mustahkam negizi, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o’qitishining pedagogik va psixologik xususiyatlari kabi masalalar tahlil etildi.
Anjuman davomida barcha ishtirokchilar Toshkent shahar hokimining sertifikati, “Eng yaxshi maqola” bo’yicha g’oliblar diplom va esdalik sovg’alar bilan, konferensiya ishini tashkil etishda faol ishtirok etgan bir guruh faollar tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Anjumanning ikkinchi yarmida sho’balar bo’yicha ishtirokchilarning taqdimotlari bo’lib o’tdi.
O’zMU Axborot xizmati