Konstitutsiyamiz mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini taʼminlashning muhim asosidir. Uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, yoshlar ong-u shuurida Vatanga sadoqat, qonunlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan 23 sonli mehribonlik uyi rahbariyati hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti rahbariyati hamkorligida “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirni 23-sonli mehribonlik uyi direktorining birinchi o‘rinbosari T.Sabirov kirish so‘zi bilan ochib, yuksak taraqqiyotimizning kafolati bo‘lgan, baxtimiz qomusining hayotimizda tutgan o‘rni haqida gapirdi. Tadbir O‘zMU Matematika fakulteti talabalari hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining qiziqarli badiiy chiqishlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda davom etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar Konstitutsiya haqidagi bilimlarini mustahkamlab oldilar. Tadbir so‘ngida Matematika fakultetining Yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘ribosari M.Mamatqulov so‘zga chiqib, Konstitutsiya bayrami bilan barchani muborakbod etdi va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga fakultet talabalarining esdalik sovg‘alarini topshirdi.
O’zMU Axborot xizmat