Malakali kadrlar tayyorlashda o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirish, ta’lim jarayonini ta’lim-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi tamoyillari asosida olib borish hamda o‘quv dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqish muhim omil sanaladi. Shuningdek, iqtisodiyot va ishlab chiqarish sohalari hamda tarmoqlarining kengayib borishi ta’lim jarayonida zamonaviy raqamli texnologiyalarni qo‘llash va o‘qitishning yangicha innovatsion yondoshuvlarini joriy etishni talab etadi.
Joriy yilning 23-dekabr kuni ta’lim-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi tamoyillaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Milliy universiteti va Sanoatqurilish bank bilan hamkorlikda O’zbekiston Milliy universiteti qoshidagi O’zsanoatqurilishbankning innovatsion markazi tashkil etildi. Markazni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov va Sanoatqurilish bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Aziz Akbarjonovlar ochib berishdi.
Ushbu markaz faoliyatidan ko‘zlangan maqsad biznes jarayonlar va boshqaruv sifatini oshirish, optimallashtirish, bank tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash hamda ularni bank faoliyatiga keng jalb etib borishdan iborat. Markaz faoliyati respublikamizning bank-moliya soha uchun axborot xavfsizligi, dasturchi va iqtisodiy matematika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashda hamda ularni ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, tegishli soha mutaxassislari va talaba-yoshlar tomonidan kiberxavfsizlik va dasturiy ta’minotlar yaratish ustida ish olib boriladi. Shuningdek, unda ilmiy-ta’lim doiralari buyurtmalari asosida qo‘shma ilmiy va amaliy tajribalar ham o‘tkaziladi.
O’zMU Axborot xizmati