Aniq fanlar yo’nalishida o’tkazilgan olimpiada g’olibi aniqlandi

Xabaringiz bor, qishki ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o’quvchilarining vaqtini mazmunli o’tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinalar tashkil etildi. Shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi aniq fanlar (matematika, fizika), o‘zbek tili va adabiyoti, O‘zbekiston va jahon tarixi, ingliz tili, mantiqiy savollar va psixologiya, IT bilimdoni hamda dunyo xaritasi yo’nalishlarida onlayn olimpiadalar haftaligini ochiq deb e’lon qildi.
O’zbekiston Milliy universiteti talaba-yoshlari ushbu tadbirda faol ishtirok etib, o’z salohiyatlarini namoyon qilishdi. Xususan, O’zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti Matematika yo’nalishi 2-bosqich talabasi Maxmudov Farrux Po’lat o’g’li mazkur olimpiadaning aniq fanlar yo’nalishida g’oliblikni qo’lga kiritib, bosh sovrin – Iphone 13 PRO sohibi bo’ldi. Barcha yo’nalishlar olimpiadasi yakunlangach, 15-yanvar kuni g’oliblarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tadi.
Universitet jamoasi nomidan talabamizning ushbu yutug’i bilan samimiy muborakbod etamiz va kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Ma’lumot uchun, 2020-yil Rossiya Milliy Yadroviy Tadqiqot universiteti tomonidan oʻtkazilgan xalqaro “Rosatom” fizika-matematika olimpiadasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 2020-yil 13-14-iyulda Amerika Matematika jamiyati tomonidan oʻtkazilgan 1-Butunjahon Kibermatematika Musobaqasida Faxriy yorliqni qoʻlga kiritdi. 2020-yil Rossiya Fizika Texnologiya universiteti tomonidan oʻtkazilgan “FIZTEX”-2020 olimpiadasida Matematika fani boʻyicha gʻolib boʻldi.
2021-yil talabalar oʻrtasidagi Open Mathematical Olympiad for University Students nomli xalqaro matematika olimpiadasida bronza medal sohibi.

O’zMU Axborot xizmati