Dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi

Joriy yilning 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/25.08.202 l.Fil. 01.16 raqamli ilmiy kengashda O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti “O‘zbek adabiyotshunosligi” kafedrasi o‘qituvchisi Kazakbayeva Dilrabo Jalolovnaning 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek mumtoz adabiyotida tarjiʼband va tarkibband janrlarining takomili” mavzuidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Himoya ishida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi tayanch doktorant va magistrant talabalar ishtirok etdi. Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev ilmiy rahbarligida tayyorlangan ushbu dissertatsiya ishi himoyada ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Akad. Ye.E.Bertels “Nomaʼlum muallifning chig‘atoycha tarjiʼbandi” maqolasida Osiyo muzeyida saqlangan bir “chig‘atoycha” tarjiʼband haqida maʼlumot berib, “muallifni aniqlash va u bilan aniq yillarni berish imkoni yo’q. Matnda yillar berilmagan, lekin tashqi ko‘rinishidan uni IX asrning boshlariga tegishli ekanligini taxmin qilsa bo‘ladi, degan xulosaga kelgan edi. Ammo tadqiqotchi Dilrabo Kazakbayeva ushbu tadqiqot ishida o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida shu vaqtga qadar muallifi nomaʼlum bo‘lgan tarjiʼband Hofiz Xorazmiy ijodiga tegishli ekanligi isbotlangan. Tadqiqotchi rasmiy opponentlarning ishga taqrizlari hamda aʼzolarning dissertatsiya ishi bo‘yicha berilgan savollariga qoniqarli tarzda javob berdi. Qizg‘in muhokamadan so‘ng, ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Kengash aʼzolarining bergan ovozlari natijalariga ko‘ra, Kazakbayeva Dilrabo Jalolovnaning 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek mumtoz adabiyotida tarjiʼband va tarkibband janrlarining takomili” mavzuidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi 100 foiz ovoz bilan maʼqullandi va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi berish uchun loyiq deb topildi.
Yosh olimaning ushbu yuksak zafar bilan qutlaymiz. Kelajakda o‘z yo’nalishida ko‘plab shogirdlar yetishtirib, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlarga erishishida omadlar tilaymiz.

O’zMU Axborot xizmati