Joriy yilning 20-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirokida “Ogohlik – davr talabi!” mavzuida masofaviy-profilaktik davra suhbati o‘tkazildi.
ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan mazkur tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor J.Muhammadiyev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B.Mallabayev, universitet Xotin-qizlar maslalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi R.Rustamova, Olmazor tumani 4-sonli Ichki ishlar bo‘limi Huquqbuzarliklar profilaktikasi katta inspektori, leytenant A.Yigitaliyev, barcha fakultet dekanlari va dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida mamlakatimizda talaba-yoshlarni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida kamol toptirish, ularni ma’naviyatimizga yot g‘oyalardan asrab avaylashimiz zarurligi hamda bugungi kunda internet tarmoqlaridan foydalanuvchilar orasida yoshlarning tobora ortib borayotganligi sababli, bu borada barcha mas’ullarning yanada hushyor va ogoh bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shundan so‘ng, so‘z navbati Toshkent shahar Olmazor tumani 4-sonli Ichki ishlar bo‘limi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika katta inspektori, leytenant A.Yigitaliyevga berildi. Profilaktika katta inspektori A.Yigitaliyev tomonidan davra suhbati ishtirokchilariga bugungi kundagi turi xil ko‘rinishdagi firibgarliklardan ogoh bo‘lishlari, shaxsiy buyumlari va mobil telefonlarini, shaxsiy hisob raqamiga ochilgan bank kartalari to‘g‘risidagi maxsus raqamlarni begona shaxslarga ishonib topshirmasliklari haqida ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida talaba-yoshlar tomonidan bildirilgan savol va takliflarga javob berildi. Davra suhbatida ta’kidlab o‘tilgan masalalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli barcha talabalar turar joylari hamda fakultetlarda talaba-yoshlarni firibgarlik, kiberjinoyatchilik va totalizator o‘yinlarining salbiy oqibatlaridan ogoh etishga qaratilgan bu kabi targ‘ibot tadbirlarini (vaziyatga qarab an’anaviy yoki masofaviy shaklda) muntazam tashkil etib borishga kelishib olindi.
O‘zMU Axborot xizmati