Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining bayram tabrigi

Muhtarama onajonlar, aziz olima opa – singillar! Ardog‘imizdagi talaba qizlarimiz! 
Barchangizni bahorning go‘zal kunlari,  8 mart – Xalqaro xotin – qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Yangilanish va yasharish faslining kirib kelishi ko‘ngillarga ajib tarovat olib kiradi. Yangi g‘oyalar, bunyodkorlik ishlariga rag‘bat, ilmda izlanish, ijodga ilhom Siz ayollarimizning nurli chehralari, quvonch balqqan nigohlaringizdan kuch oladi. 
Ko‘klamga yetish, tinchlik va xotirjamlik shukronaligini eng avvalo, Sizlarda ko‘ramiz. Bahor inson umrining yoshlik, yasharish davriga qiyoslanadi. Ruhiy  go‘zallikka, maʼnaviy yuksalish, o‘zlikni topishga intilishning debochasi ham yangilanishdan boshlanadi. 
Bu yilgi bahor ayollarimiz uchun katta tuhfalar bilan keldi. Kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xotin – qizlarimizning qo‘llab – quvvatlashni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda taʼlim tizimida xotin – qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratilishi taʼkidlandi. Olimalarimizning mehnatlari eʼtirof etildi: “Maʼlumki, bugungi kunda opa-singillarimiz orasida o‘nlab akademik va professorlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, yuzlab isteeʼdodli tadqiqotchilar bor. Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish – bu igna bilan quduq qazishga barobar.” Yaqin soatlar ichida Yurtboshimiz Xalqaro kongress markazida tantanali bayram tabdirida ham bu borada amalga oshiriladigan tub burilish xususida to‘xtaldilar: 
“…Zukko va bilimdon xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqini oshirish maqsadida biz bir qancha muhim chora-tadbirlar belgiladik. Jumladan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo’naltiriladi; doktorantura yo’nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi”. Bu ilm yo’liga qadam qo‘yayotgan xotin -qizlarimiz uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatdir. 
O‘zbek ayollari qadimdan ilm, maʼrifat borasida dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan olima-yu – shoira bo‘lishdan tortib, davlat boshqaruvi, oila qadriyatlari ilmini mahkam tutib keladilar. Sizlar faxrlanishimizga munosib xizmatlaringiz bilan hurmatga loyiqsiz. 
Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida ham olima ayollarimiz jahon ilm – faniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda. Ilmiy izlanishdagi talabalarmiz ustozlari izidan borishayotganidan behad shodmiz. 
Ayollar baxt topgan maskan doim obod va taraqqiyotga beshik bo‘ladi. 
Har bahor aziz va munis ayollarimiz qalbidan boshlanaversin. Ayyomingiz muborak bo‘lsin! Baxtimizga doim bor bo‘ling mehribon onalarimiz, ayollarimiz, opa – singillarimiz, qizlarimiz! Sizlarga sog‘liq, saodat va ilmiy, ijodiy ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi 
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori,   
professor Inom Madjidov