Аyni kunlarda oliy oʼquv yurtiga bakalavriat va magistratura bosqichlariga hujjat topshirgan nomzodlar uchun muhim palla. Mamlakatimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalarida imtihonlar oʼtkazilmoqda. Bugun, 14 avgust kuni Oʼzbekiston Milliy universitetida magistr boʼlish niyatidagi yoshlar oʼz imkoniyatlarini sinovdan oʼtkazishmoqda.
OʼzMUda imtihonlar yoʼnalishlar kesimida tashkil etilgan boʼlib, bugun universitetda 5ta magistratura mutaxassisliklari (amaliy matematika (sohalar boʼyicha), kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari (yoʼnalishlar boʼyicha), psixologiya (faoliyat turlari boʼyicha), ijtimoiy psixologiya va oilaviy munosabatlar psixologiyasi yoʼnalishlari) boʼyicha mutaxassislik fanlaridan kirish imtihonlari oʼtkazilmoqda. Mutaxassislik fanlaridan kirish imtihonlar boʼlib oʼtadigan binolarda abiturientlar uchun barcha sharoit yaratilgan, jumladan zarur texnik vositalar bilan jihozlangan. Mutaxassislik fanlaridan kirish imtihonlarini adolatli va shaffof oʼtkazish uchun universitetda barcha zarur choralar koʼrildi, xususan, imtihonlarning shaffof va ochiqlik tamoyili asosida oʼtishini taʼminlash maqsadida onlayn translyatsiya yoʼlga qoʼyildi. Shuningdek, imtihon jarayoni toʼliq videokuzatuv ostida oʼtkazilib, toʼgʼridan-toʼgʼri imtihon.edu.uz platformasi orqali onlayn namoyish etib borilmoqda. Shu bilan birga, abiturientlarning mutaxassislik fanlaridan topshirgan test natijalari imtihon topshirib boʼlishlari bilan kompyuter orqali namoyish etilmoqda. Аbiturientlar xavfsizligini taʼminlash hamda nazoratni kuchaytirish uchun IIB va Milliy gvardiya xodimlari jalb etildi.
Magistratura uchun mutaxassislik fanlaridan kirish test sinovlari 14 avgustdan 18 avgustga qadar oʼtkaziladi. Imtihonlarning ikkinchi bosqichi – xorijiy tillardan test sinovlari Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Maʼlumot oʼrnida, magistratura bosqichi uchun amaliy matematika (sohalar boʼyicha), kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari (yoʼnalishlar boʼyicha) yoʼnalishlariga 15ta grant va 8ta grant qabul kvotasi ajratilgan boʼlib, ushbu yoʼnalishlarga abiturientlar tomonidan 107 ta va 63 ta arizalar topshirilgan.
Shuningdek, psixologiya (faoliyat turlari boʼyicha) yoʼnalishiga 11 ta grant va 39 ta kontrakt, jami 50 ta qabul kvota ajratilgan boʼlib, 231 nafar abiturient hujjat topshirgan. Psixologiyaning ijtimoiy va oilaviy munosabatlar psixologiyasi yoʼnalishlarga esa 2 ta grant va 4ta kontrakt, jami 6tadan qabul kvota ajratilgan boʼlib, ushbu yoʼnalishlarga abiturientlar tomonidan 29 ta va 27 ta arizalar kelib tushgan.
OʼzMU Аxborot xizmati