O‘zbekiston Milliy universitetiga Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi tashrif buyurdi

Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi  —  Qozog’iston Respublikasi ta’lim va fan vazirining o’rinbosari Kuanish Yergaliyev, L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universitetining strategik rivojlantirish bo’yicha prorektori Duman Aytmagambetov, Xo’ja Ahmad Yassaviy nomidagi Хаlqaro Qozoq-Turk universiteti rektori Janar Temirbekova M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog’iston universiteti rektori Dariya Kojamjarova, Strategik rivojlanish va xalqarolashtirish bo’yicha prorektor Aygul Isaakovna, Xalqarolashtirish va tijoratlashtirish bo’yicha prorektor Mehmet Arslan tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi oʼzlarining oliy taʼlim muassasalarini tanishtirib oʼtdilar. Shuningdek, O`zMU rektori Inom Madjidov Oʼzbekistonning oliy taʼlim tizimi va soʼnggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida maʼlumot berdi. Muxtor Аvezov nomidagi Janubiy Qozogʼiston universiteti rektori Kojamjarova Dariyaning OʼzMU bazasida Muxtor Аvezov markazini tashkil etish boʼyicha bildirgan taklifiga universitet rektor Inom Madjidov mazkur markaz faoliyatini tashkil etish boʼyicha masʼul boʼlimlar bilan birga muzokaralar olib borish va haqiqatda ishlaydigan markaz sifatida tashkil etish tarafdori ekanligini bildirdi.

 Uchrashuv yakunida Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti va Xoʼja Аxmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti oʼrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu Memorandumdan ko’zlangan maqsad pedagogika fanlari, biznes, boshqaruv va huquq, tabiiy fanlar, matematika va statistika yo’nalishlari bo’yicha kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish, shuningdek, sohada o’zaro manfaatli ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirishdan iborat.

Tomonlar quyidagi yo’nalishlar bo’yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar:

  • o’zaro qiziqish masalalari bo’yicha ekspertlarni jalb etgan holda ma’ruzalar/seminarlar o’tkazish;
  • xalqaro munosabatlar, moliya, pedagogika, menejment, iqtisodiyot, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi qo’shma tadqiqotlar; ilmiy maqolalar, nashrlar va tadqiqotlar, davriy nashrlar, o’tkazilayotgan masalalar o’quv dasturlarini yaratish;
  •  ikki tomonlama diplom dasturlarini ishlab chiqish;
  • masofaviy ta’lim sohasida tajriba almashish;
  • ilmiy-tadqiqot faoliyatga ilmiy rahbarlik qilish va ishtirok etish, magistrantlar va doktorantlarning ilmiy stajirovkasini o’tkazish bo’yicha tadqiqot amaliyotidan o’tish;
  • tomonlarning professor-o’qituvchilari va ma’muriy tarkibi tomonidan ma’ruzalar, master-klasslar («onlayn» rejimida) o’tkazish;
  • qo’shma konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, davra suhbatlari va boshqa ta’lim tashabbuslarini o’tkazish.

O`zMU Axborot xizmati