Shu yilning 28-may kuni poytaxtimizda joylashgan Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan talaba-yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan hisobot konserti tashkil etildi.
“Milliy qadriyatlar sayli” doirasida o‘tkazilgan mazkur tantanali ma’naviy-ma’rifiy tadbirda universitet rahbariyati, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, yozuvchi-shoirlar, Erkin Vohidov oila a’zolari, san’at va madaniyat fidoyilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab universitet rahbariyati va tadbir mehmonlari O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov haykali poyiga gulchambar qo‘yilib, atoqli adib xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatildi. Talaba-yoshlarga shoir ijodiy mahorati, yuksak insoniy fazilatlari haqida mahorat darsi tashkil etildi.
Shundan so‘ng hisobot konserti start oldi. Tadbirni universitet prorektori Yoqub Ergashov, professor Hamidulla Boltaboyev kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, mehmonlar, talaba-yoshlarni shukuhli bayram bilan tabriklashdi.
Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Rustam Mirvohid, Alisher Boymurodov Erkin Vohidov ijodi va faoliyatiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, ularning ijodlaridan namunalar tadbir qatnashchilari e’tiboriga havola etildi.
Ayniqsa yurtimizda adabiyotga, san’atga, ijod ahliga bo‘layotgan yuksak ehtirom va e’tibor samarasi o‘laroq, bugun yoshlarimizning ham ulug‘ shoir va adiblarimiz ijodiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortib borayotganligi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Konsert davomida namoyish etilgan badiiy va musiqiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar, she’ru g‘azalxonliklar barchaga birday manzur bo‘ldi. Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan hisobot konserti yoshlarning chinakam adabiyot bayramiga aylandi.
O‘zMU Axborot xizmati