Amaliy matematika va axborot texnologiyalarining dolzarb muammolari

Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida “Amaliy matematika va axborot texnologiyalarning dolzarb muammolari – Al-Xorazmiy 2024” mavzusidagi IX xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o’z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida an’anaviy konferensiyaning ushbu soni Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi.

Bundan ko‘zlangan maqsad – Muso al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bekning boy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, matematika, amaliy matematika, sun’iy intellekt va neyron to‘rlari, axborot xavfsizligi, kompyuter lingvistikasi hamda ta’lim sohalaridagi so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar bo‘yicha fikr almashish, bugungi kundagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, jahonning nufuzli mutaxassislari bilan hamkorlikni yanada takomillashtirish hamda o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Konferensiya plenar ma’ruzlar va 11 ta seksiya yig‘ilishidan iborat bo‘lib, 400 ga yaqin ma’ruza tezislari kelib tushgan. Shundan 50 dan ortig‘i xorijlik nufuzli olimlarning tezislaridir. Jumladan, Fransiya, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Polsha, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan 40 ga yaqin xorijlik olimlar bevosita hamda zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Shuningdek, anjuman mobaynida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ko‘p yilladan buyon fidokorona mehnat qilib kelayotgan, oʻzining yuqori kasb-mahorati, vatanparvarlik fazilatlari bilan el-yurt oʻrtasida hurmat qozongan, faolligi va tashabbuskorligi uchun O‘zMU professori, yirik olim Mirsaid Oripovga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi hamda tavalludining 85 yilligi munosabati bilan tabriklandi.

Ushbu an’anaviy konferensiyaga yoshlar olimlar, magistrantlar va doktorantlar keng jalb etib kelinmoqda. Ularga respublikamizdagi va xorijdagi nufuzli olimlar bilan ilmiy hamkorlik qilish, xorijiy davlatlarning nufuzli ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

O’zMU Axborot xizmati