Bahor go‘zallik timsoli. Ayol zoti esa azaldan fasli navbahorga mengzaladi. Yasharish va yangilanish faslining ayollarga e’zoz va ehtirom ko‘rsatiladigan bayram bilan boshlanishi ham bejiz emas. Shu sababli ham ushbu ayyomni katta quvonch va hayajon bilan kutamiz.
105 yillik tarixga ega otaxon dargoh – O‘zbekiston Milliy universitetida inson hayoti va jamiyat rivojida beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan Ona zoti, Ayol hilqati ehtiromiga bag‘ishlangan “Ayolga ehtirom” nomli tantanali tadbir tashkil etildi.
Ilmli ayol har qanday jamiyatning qudratli resursi. Ilm-fan bilan shug‘ullanadigan kishi, umr yo‘lini bag‘ishlagan sohasiga muayyan ma’noda o‘z hissasini qo‘shadi. Agarki, u olima bo‘lsa, u qo‘shgan hissaning qiymati alohida o‘lchamga ega. Ta’limdek sharafli sohada faoliyat olib borayotgan ayol professor-o‘qituvchilar, ayol xodimlar, olimalar ishtirokidagi tadbir ham shukuhli tarzda o‘tdi.
Universitet rektori Inom Madjidov xotin-qizlarni bayram bilan tabriklar ekan, universitet salohiyati, xalqaro maydondagi nufuzining oshib borishida olima ayollar, professor-o‘qituvchilarning zahmati, hissasi beqiyos ekanini ta’kidladi. Muhim va stategik soha – ta’lim tizimida mehnat qilayotgan mardona xotin-qizlarga chuqur ehtirom bilan minnatdorchilik bildirdi.
Bugungi kunda otaxon universitetning barcha soha va tarmoqlarida ayollarning salmog‘i, o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, bugungi kunda universitetda asosiy shtatda jami 1220 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Shulardan, 661 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. 559 nafar ayol xodimlar turli lavozimlarda mehnat qilmoqda, universitetda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda.
Universitetda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, magistraturaga jami 347 nafar talaba qizlar imtiyozli tarzda o‘qishga qabul qilindi. Bazaviy to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj, boquvchisiz talaba qizlarning 97 nafariga 2023/2024 o‘quv yili uchun shartnoma puli to‘lab berildi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgan tavsiyanoma asosida 157 nafar talaba-qizlar davlat granti bilan talabalikka tavsiya etildi. Kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar tavsiyanomasiga ega abituriyentlarning 21 nafari qo‘shimcha to‘lov-kontrakti asosida talabalikka qabul qilindi.
Tantanali bayram tadbiri elimiz suygan san’atkorlar, estrada xonandalarining chiqishlari bilan davom etdi.
O‘zMU Axborot xizmati