Ilm ahlining Zohidi ketdi…

Sovuq xabarning ham qanoti bormi?
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bosh hisobchisi bo‘lib ishlaydigan, kamtar, kamsuqim, ko‘ngilchan Zohidjonning bevaqt o‘limi haqidagi xabardan go‘yoki universitet bir qalqib tushdi. Ko‘ngillar o‘rtandi. Beshafqat o‘lim!
Zohidjon ismining maʼnosidagidek munosabatlarda, madaniyat, muomala va adabu – odobda taqvodor yigit edi. Uning ko‘zlariga qarasangiz hayotga tashnalik sabr, matonat mung aralash inib ketgan edi. Yillar davomida ko‘rinmas sinovli dard bilan kurashib, hayotni sevib yashash, yaxshilik ulashishga shoshilish ortidan uning umr daftarini berkitish onlari yaqinligini go‘yoki o‘zi ham sezganmikan deysiz…
U mehr bilan bunyod qilgan xonadonga, yaqinlari ko‘ngliga taskin uchun intilar ekanmiz tumonat odamni boshi ham holda ko‘rib:- “Ey, falak!,- deb hayqiradi yurak!
Go‘yoki Jannatlarning eshigini ochishga ravona bo‘lgan bu yigit ortidan samoga tillardan birgina shu jumla otilib chiqayapti. Yer-u ko‘kni shu so‘z tutdi:
-Zohidjon juda yaxshi inson edi… yaxshi yigit edi! Yaxshi inson edi!
Eslasak, suhbatlarda sizga uzoq tikilardi…to‘yib qarab olgisi kelayotgandek… mehrda, oqibatda, odamgarchilikda benazir edi u. O‘lim zabtiga olib kelsa, ajalning tig‘idan qochib bo‘lmas, bahonasi ham o‘zi  bilan bo‘ladi.
Taskinga, o‘zimizga taskin uchun so‘z qidiramiz. Odamlar bor tirigida o‘likdir, odamlar bor mangulikda tirikdir.
Zohidjon bu dunyoda odamlarning koriga yarash, og‘irini yengil qilish, dardkash bo‘lish, savob ishlar qilish uchun kelgandek. Yaxshi inson qanday bo‘lish kerakligini eslatish uchun tug‘ilgandek. Yigit yoshida dardlarni mardona yengib, umrning har lahzasi g‘animat, qadrli ekanligini bilib yashagan inson edi.
O‘zMUga Zohidjonni bilganlar sig‘mayapti. Yo’llar u yashagan xonadonga olib boraverayapti. U jisman oramizdan ketsada bani Inson bolasi bu g‘animat dunyoda bir birisiz yashay olmasligi-yu, odam odamga g‘animatligi, yaxshilikdan yaxshisi yo’qligini samodan termulib turib eslatayotgandek.
Dunyoni tark qilsada, qalblarimizdan zohiran joy olgan hamkasbimiz Zohidjon! Jannatlarning behishtlarida savob ishlaringiz ajrlarini ko‘ring!

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
jamoasi nomidan