“Moliya-kredit tizimini strategik rivojlantirishning muammolari va ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-sonli hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-sonli Farmonlarida mamlakatda moliya va kredit tizimini strategik rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ushbu ustuvor vazifalarni ijrosini ta’minlashda moliya-kredit tizimida mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yo‘nalishlarini aniqlash dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. 

Moliya-kredit tizimi har qanday davlat iqtisodiyotida asosiy rol o‘ynaydi. Bu xo‘jalik yurituvchi subektlar va aholining moliyaviy resurslardan foydalanishini ta’minlabgina qolmay, balki butun iqtisodiyot rivojiga, byudjet-soliq siyosatini takomillashtirishga ham hissa qo‘shadi. Moliya-kredit tizimini rivojlantirish davlat, tadbirkorlik va jamiyat tomonidan kompleks yondashuv va sa’y-harakatlarni talab qiladi. Shuningdek iqtisodiyot va butun jamiyatning barqaror va samarali rivojlanishini ta’minlaydi.

Shu munosabat bilan 25-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Iqtisodiyot fakulteti tomnidan “Moliya-kredit tizimini strategik rivojlantirishning muammolari va ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ekspertlar, iqtisodiyot va moliya vazirligining,  vakillari, xorijiy professorlar, davlat va nodavlat oliy ta’lim muammasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari hamda ishbilarmon doiralar vakillari moliya-kredit tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, ushbu soha oldida turgan murakkab muammolar yechimini topish maqsadida yig‘ildi.

O‘zbekiston bozorlaridagi o‘zgarishlar, moliya-kredit tizimiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa omillarni muhokama qildilar.

Shu jumladan, anjumanda moliya-kredit tizimini rivojlantirishning turli jihatlari, hamda bank sektorini raqamlashtirish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, moliya bozorini tartibga solish, byudjet- soliq siyosatini takomillashtirish, sug‘urta bozorini holati va rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar taqdim etildi. Olim va amaliyotchilar moliya institutlari faoliyatini yaxshilash va moliya tizimi barqarorligini oshirishning so‘nggi tendensiyalari va ilmiy yondashuvlarini muhokama qildilar.

Muhokamalar natijasida konferensiya ishtirokchilari tomonidan moliya-kredit tizimining faoliyatini takomillashtirish, uning samaradorligi va tashqi ta’sirlarga chidamliligini oshirishga qaratilgan qator tavsiya va yechimlar ishlab chiqildi. Mutaxassislar, iqtisodchi olimlar va amaliyotchilar tomonidan moliya-kredittizimi, moliya va sug‘urta bozorlaridagi vaziyatni doimiy monitoring qilish va tahlil qilish muhimligini, shuningdek, moliya vositalari va mexanizmlarini doimiy ravishda yangilash va modernizatsiya qilish zarurligini ta’kidladilar.

“Moliya-kredit tizimini strategik rivojlantirishning muammolari va ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya soha uchun muhim voqea bo‘lib, iqtisodchi olimlar va amaliyotchilarga o‘zaro tajriba va bilim almashish, istiqboldagi yechim va strategiyalarni birgalikda ishlab chiqish imkonini berdi.

O‘zMU Axborot xizmati