Oʼzbekiston Milliy universitetida joriy yilning 10 avgust kuni Zoom platformasi orqali Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining 2021 yil 16 iyuldagi “Oliy taʼlimning Davlat standartlarini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi № 311-sonli buyrugʼi bilan Oʼzbekiston Milliy universiteti tayanch (bazaviy) etib belgilangan turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining oʼquv jarayonini tashkil etishda uslubiy hamkorlikka bagʼishlangan seminar-trening boʼlib oʼtdi
Ushbu seminar-treningda OʼzMU rektori Inom Madjidov, oʼquv ishlari boʼyicha prorektori Shuxrat Toshmatov, uslubiy taʼminlash va taʼlim sifatini nazorat qilish boʼyicha prorektori Ravshan Musurmanov, Аxborot texnologiyalar markazi rahbari Lyudmila Varlamova, Аxborot resurs markazi direktori Irina Kislыtsina va turdosh OTMlarning (Аndijon davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Jizzax politexnika instituti, Namangan davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Termiz davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Fargʼona davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti) oʼquv ishlari boʼyicha prorektorlari hamda oʼquv boʼlimi boshliqlari ishtirok etdi.
Ushbu seminar-treningda OʼzMU rektori Inom Madjidov kadrlar tayyorlash uzoq davom etadigan jarayon ekanligi, u har birimizdan astoydil, betinim, izchil mehnatni va masʼuliyatni talab etishini taʼkidladi. Soʼng OʼzMU oʼquv ishlari boʼyicha prorektori Shuxrat Toshmatov tasdiqlangan Davlat taʼlim standartlariga muvofiq, Oʼzbekiston Milliy universitetida 2021-2022 oʼquv yili uchun kredit-modulь tizimi asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, oʼquv rejalari va fan dasturlari haqida maʼruza qildi. Shuningdek, OʼzMU rektori Inom Madjidov tashabbusi bilan universitet rasmiy saytida
alohida uslubiy taʼminot platformasi yaratilganligi, unda turdosh OTMlar foydalanishlari uchun barcha 4 oʼquv yilining malaka talablari, oʼquv reja va dasturlari hamda yangi oʼquv adabiyotlari joylashtirilganligi va doimiy yangilanib borishi toʼgʼrisida uslubiy taʼminlash va taʼlim sifatini nazorat kilish boʼyicha prorektori Ravshan Musurmanov, АRM direktori Irina Kislыtsinalar maʼruza qilishdi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar yaqin kelajakda shunday seminar-treninglar tashkil etiilishi toʼgʼrisida kelishib oldilar. Mazkur seminar barcha ishtirokchilarda yaxshi va mazmunli taassurot qoldirdi.
OʼzMU Аxborot xizmati