Ochiq eshiklar kuni

Umumtaʼlim maktablarida tahsil olayotgan oʼquvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga boʼlgan qiziqishini kuchaytirish va bunda oʼqituvchilarning masʼuliyatini yanada oshirish yuzasidan Oʼzbekiston Milliy universiteti va umumtaʼlim maktablari oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2021 yil 26 may kuni Oʼzbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulьtetida bitiruvchi oʼquvchilar uchun «Ochiq eshiklar kuni» oʼtkazildi.

Tadbirda Olmazor tumani Tepaguzar mahalla fuqarolar yigʼinida joylashgan 234-sonli umumtaʼlim maktabi, Yuqorichirchiq tumani 14-sonli umumtaʼlim maktabi, S.H.Sirojiddinov nomidagi Respublika akademik litsey bitiruvchilari ishtirok etishdi.

Ushbu ochiq eshiklar kuni abiturient va ularning ota-onalariga Oʼzbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulьtetida oʼqish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish hamda joriy oʼquv yiliga kirish imtihonlarini tashkil etish bilan bogʼliq masalalar toʼgʼrisida batafsil maʼlumotga ega boʼlish imkoniyatini berdi. Tashrif davomida Biologiya fakulьteti professor-oʼqituvchilari ochiq eshiklar kuniga tashrif buyurgan bitiruvchi oʼquvchilarga yurtimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan keng koʼlamli va chuqur islohotlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning bilim olishlari hamda mehnat qilishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, Biologiya fakulьtetida mavjud taʼlim yoʼnalishlar, kafedralar, ilmiy maktablar, faoliyat olib borayotgan professor-oʼqituvchilar haqida batafsil maʼlumot berishdi. Bundan tashqari, oʼquvchilar universitet fakulьtetlari, taʼlim yoʼnalishlari, mutaxassisliklar, xorijiy davlatlar bilan tashkil etilnag qoʼshma taʼlim dasturlari xususidagi oʼzlarinits qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Tashrif yakunida bitiruvchi oʼquvchilar hamda ularga biriktirilgan ustozlari koʼrsatilgan eʼtibor uchun universitet maʼmuriyati, Biologiya fakulьteti dekani, professor-oʼqituvchilar hamda ishchi-xodimlarga minnatdorchilik bildirib, katta taassurot bilan qaytdilar.

OʼzMU Аxborot xizmati