O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zMU rektorining bayram tabrigi

Aziz o‘g‘lonlarimiz! Vatan posbonlari! Sarhadlarimizni bedor qo‘riqlayotgan farzandlarimiz! Bugun ilm-fan yo’lida izlanishda turgan o‘g‘illarimiz!
Vatan shaʼni, yurt tinchligi, millat taqdiriga befarq bo‘lmagan jamiyki askaru, zahiradagi yigitlar, tongni bedor kutib, quyoshni bottirgan sharafu shonlarimiz! Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo’llagan bayram tabriklarida: “Jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan hozirgi vaziyatda muhim obyektlarda axborot xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ham davr talabidir”, – deya bejizga taʼkidlamadilar. Bugun axborot asrida turli ko‘rinishdagi hurujlar askarlarimizdan ham jisman, ham ruhan va tafakkur qilish borasida ildamlikni talab etadi. Hushyorlik, abjirlik, mantiqiy fikr bilan ish ko‘rish bugungi armiyamizning shioridir.
Bu shunday bayramki ko‘ngil g‘ururga to‘ladi. Sizdagi jiddu – jahd, shijoatdan,  mardlikdan biz kuch va ishonch olamiz. Halovatdagi ko‘ngillar bunyodkorlik, yaratuvchanlik, ijodu izlanishga yuz tutadi.
Kiprikdagi yoshdek qalqib turgan bu dunyoda tinchlikdek ulug‘ neʼmatni asrash, farovon hayotu, taraqqiyotning beliga belbog‘ boylash sharafini zimmasiga olib, uni masʼuliyatini his qilib yashash har bir er yigitlarimizning burchidir.
Urush yillari yukini yelkasida ko‘targan, kutish va sog‘inchga sabrni bergan, onalar faryodlari afg‘onning tog‘lariga inib ketgan, tarix evrilishlarida to‘kilmagan xalqmiz. Buning zamirida tinchlikparvarlik, do‘stlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik siyosati turibdi.
Yuragida arslonlar yotadigan o‘g‘lonlarimiz! Aziz vatandoshlarimiz! Barchangizga Vatan himoyachilari kuni muborak bo‘lsin! Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch bo‘lsin.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti
rektori, professor Inom Madjidov