Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lajak jurnalistlar, soha mutaxassislarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zMU jurnalistika fakultetining bakalavriat bo‘yicha bitiruvchi talabalarining malakaviy diplom ishlari himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Talabalar malakaviy bitiruv ishlarida «Brend nomi targ‘ibotida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish»; «Jurnalistik surishtiruvning tarixiy ildizlari va bugungi holati»; «Turkiston sho‘ro jumhuriyati davri matbuoti»; «Imij tushunchasi va uning nazariy asoslari»; «Ommaviy axborot vositalarida axborot manbalari bilan ishlashning huquqiy mexanizmlari»; «Globallashuv sharoitida shaxs ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashining shakllanishiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri»; «Jamoatchilik bilan aloqalar rivojlanishida auditoriyani tadqiq qilish»; «»Mem» fenomenining PR va reklamaga ta’siri»; «Tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirishda Axborot xizmatining o‘rni» mavzulari bo‘yicha amaliy-nazariy o‘rganish va tadqiqot natijalarini taqdim qildi.
AOKA tashabbusi bilan Axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, OAV vakillari, jurnalistlar, media mutaxassislarining bilim-tajribalari hamda ko‘nikmalarini oshirish, muayyan tarmoq va sohalarda ixtisoslashuvlarini takomillashtirish maqsadida xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda muntazam treninglar, o‘quv-seminarlari va boshqa formatdagi tadbirlar tashkil etiladi.
– Tanlangan mavzularning o‘zi talabaning boshlang‘ich salohiyatini aks ettiradi. Har bir himoyani tinglab turib, xulosa qilyapman, bo‘lajak jurnalistlarimizda shaxsiy yondashuvlari bor. Ular himoya maydoniga shunchaki emas, bilim quroli bilan chiqishgan. Ish faoliyatini boshlash yoki ilmiy izlanishda davom etishsa, ishonamizki, bugungi shijoat va prinsiplarini saqlagan, takomillashtirgan holda ko‘zlagan maqsadlarga erishishadi, dedi AOKA bo‘lim boshlig‘i M.Parpiyev.
O‘zMU Axborot xizmati