O‘zMU o‘qituvchilari Germaniya universitetida amaliy mashg‘ulot o‘tadi

Fizika fakulteti Yadro fizikasi kafedrasi o‘qituvchilari Dilmurod To‘yumurodov va Abror To‘yumuradovlar Germaniyaning Drezden texnika universitetida amaliy mashg‘ulotni muvaffaqiyatli yakunladilar.
Ushbu kurs yadro reaktorlarini boshqarish va xavfsizlikka oid muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, nazariy bilimlar va amaliy tajribalarni oshirishga xizmat qildi.
Mashg‘ulot davomida ular kritik holatga yaqinlashish, boshqaruv tayoqlarini kalibrlash, neytron oqimini o‘lchash va turli reaktor monitoringi usullaridan foydalanish bo‘yicha qimmatli ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Shu bilan birga, neytron aktivatsiyasi tahlili va neytronlarning muhitdan o‘tishiga oid amaliy tajribalar mutaxassislar reaktorlarda ishlashi va yadro xavfsizligi tamoyillarini chuqurroq tushunishlariga yordam beradi.

Ikki haftalik amaliy mashg‘ulotlar davomida radiatsiya monitoringi uchun turli detektorlardan, jumladan gamma va neytron detektorlaridan foydalanish ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Bu amaliy tajriba kafedraning ilmiy-tadqiqot va o‘quv faoliyatiga katta foyda keltiradi, ularga yadro fizikasi bo‘yicha ilg‘or tushunchalarni amaliyotga tatbiq etishda yordam beradi.