Shu yilning 1-8-avgust kunlari Italiyaning Rim shahrida joylashgan Sapienza universitetida (dunyo reytingida 135-o‘rinda) «Cheksiz chegarasiz falsafa» mavzusida XXV jahon falsafa kongressi bo‘lib o‘tdi.
Unda dunyoning 130 mamlakatidan 5 ming nafardan ziyod olimlar, 1250 nafar yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi. Kongressda birinchi marotaba O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalaridan 15 nafar olimlar, professor-o‘qituvchilar qatnashishdi.
Shu jumladan, O‘zMU professorlari Nigina Shermuhamedova, Nasiba Abdullayeva, doktorantlar Mustafo Xidirov, Javlonbek Qodirovlar mazkur nufuzli anjumanning turli shoʻbalarida ma’ruza qildilar.
Quvonarlisi, kongress tarixida ilk marta O‘zbekistonlik olima, professor Nigina Shermuxamedova 82 ta sho‘ba hamda «Davra suhbati» raisi etib saylandi.
O‘zbekistonlik olimlar taklifiga ko‘ra, «Turkiy xalqlar falsafiy merosi» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Turkiy davlatlar vakillari bilan birga, Germaniya, Rossiya, Chexiya, Tojikiston, Eron kabi mamlakatlar olimlari ekspert sifatida ishtirok etdi.
Davra suhbati jarayonida olimlar tomonidan turli takliflar o‘rtaga tashlandi. Ko‘plab Yevropalik mutaxassislar O‘zbekiston tarixi va bugunini o‘rganishga qiziqish ortayotganini alohida e’tirof etdi.
O‘zMU Axborot xizmati