Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulteti dekani, professor To‘xtasin Abduraxmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi 2-sonli maktabning bitiruvchi 11-sinf o‘quvchilariga master-klas o‘tdi. Universitetning Mo‘ynoq tumanidagi «Kemalar qabristoni» hududida joylashgan o‘quv-ilmiy tajriba poligonida bitiruvchi sinf o‘quvchilariga biologiya va tuproqshunoslik fanlarining sir-asrorlaridan saboq berdi. Shuningdek, Orol va Orolbo‘yi mintaqasining o‘simliklari va hayvonot dunyosi, tuproqlarining o‘ziga xosligi,suvlarining xossa-xususiyatlari haqida ilmiy tavsiya va maʼlumotlar berdi. Uchrashuv yakunida yoshlarni O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kirishlariga chorlab, agar O‘zMUga kirishsa universitetning Mo‘ynoqdagi ikkala o‘quv-ilmiy tajriba poligonining ham egasi va ertasi shu yerning oliy maʼlumotli mahalliy yoshlari bo‘lishlarini taʼkidladi.
O’zMU Axborot xizmati