O‘zMU rektori Inom Madjidov “Ulug‘bek” jamg‘armasida ma’ruza qildi

Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash «Ulug‘bek» jamg‘armasi tomonidan Jamg‘armaning majlislar zalida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidovning “Oliy ta’limning jamiyat ijtimoiy hayotidagi o‘rni” mavzusida ma’ruzasi tashkil etildi. 

Ma’ruzada Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilari, doktorantlar hamda magistrantlar ishtirok etdi. 

O‘zMU rektori o‘z ma’ruzasida so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar, islohotlar samarasi, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, ta’lim sifatiga erishish bilan bir qatorda, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, jamiyatning ijtimoiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish zarurati haqida so‘z yuritdi. 

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga asos bo‘la oladigan o‘zgarishlar amalga oshganini qayd etib, bu vaqtda mazkur tizimning tashkiliy, tuzilmaviy va huquqiy asoslari yangilangani, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi, akademik mustaqillik, oliy o‘quv yurtlarining huquqiy-tashkiliy turlari dunyo tajribasiga muvofiqlashib rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. 

Rektor ma’ruzasidan so‘ng O‘zMU Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektor, professor Ravshan Musurmanov “Iqtidorli maktab o‘quvchilari bilan ishlash va maktablarga uslubiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish” mavzusida ma’ruza qildi. 

Ma’ruzalardan so‘ng, tadbir ishtirokchilari bilan muloqot tashkil etildi. Turli oliy ta’lim muasssasalari mas’ullari, yosh olimlari fikr-mulohazalari, savol va takliflarini bildirib, batafsil javob olishdi. 

O‘zMU Axborot xizmati