Polshaning Lublin texnologik universiteti delegatsiyasi Oʼzbekiston Milliy universitetida

Bugun, 17 avgust kuni professor Marek Milosz boshchiligidagi Polьshaning Lublin texnologik universiteti delegatsiyasi Oʼzbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiyani universitet rektori Inom Madjidov va xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor Raima Shirinova kutib oldilar.
Taʼkidlash joizki, 2019 yilda universitetlar oʼrtasida memorandum imzolangan boʼlib, unga asosan akademik va ilmiy hamkorlik olib borilmoqda, Erasmus + loyihalari amalga oshirilmoqda va koʼplab Polьsha jamgʼarmalari bilan ish olib borilmoqda. Polьshaning Lublin texnologiya universiteti professor-oʼqituvchilari koʼmagida oʼquv mashgʼulotlar yoʼlga qoʼyilgan, qoʼshma konferentsiyalar oʼtkazilib kelinmoqda, hammualliflikda ilmiy jurnallarda maqolalar chop etilmoqda.
Universitet professori Marek Milosz, axborot texnologiyalari sohasida yetakchi mutaxassis sifatida hamkorlikda amalga oshiriladigan CATAMARAN magistrlik dasturi hamda 3 D Digital Silk Road (birgalikda UrDU hamkorlar bilan, SАMGU, ChSPI) loyihalari natijalarini yuqori baholadi.


Marek Milosz Oʼzbekistonning har sohada ochiqligi, mehmondoʼstligi, ayniqsa, Oʼzbekiston Milliy universitetining ishonchli sheriklik va samarali oʼzaro hamkorlikka birdek hamohangligini alohida qayd etdi.
Oʼz navbatida, rektor Inom Madjidov mehmonlarga tashriflari uchun minnatdorchilik bildirib, koʼrib chiqilayotgan masalalarga alohida qiziqish bildirdi va ikki universitet oʼrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada takomillashtirish, shuningdek, manfatli hamkorlikni barcha sohada rivojlantirish lozimligini va bu borada Oʼzbekiston Milliy universiteti doimo tayyor ekanligini taʼkidladi.


OʼzMU Аxborot xizmati