Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yil 3-dekabr sanasi butun dunyoda Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqa nogiron bo’lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini taminlab, barcha uchun ochiq va do’stona bo’lgan jamiyat qurishdan iborat.
Dunyoda taxminan 1 milliard nogiron fuqarolar istiqomat qiladi. Shularning 100 milliondan ortigʻini bolalar tashkil etadi. Ularning barchasi jamiyat hayotidagi keng ko’lamli, samarali va teng huquqli ishtirokini cheklaydigan, jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy va ahloqiy to’siqlarga duch keladi. BMT ma’lumotlariga ko’ra, ular dunyodagi eng kambag’al aholining haddan ortiq ko’p ulushini tashkil qilib, ta’lim, mehnat, sog’liqni saqlash hamda ijtimoiy va huquqiy ko’mak kabi asosiy manbalardan teng ravishda foydalana olmaydi. Shu sababdan 3-dekabr kuni Xalqaro nogironlar kunining o’tkazilishi nogironlarning muammolariga, xususan, ularning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokidan yuzaga keladigan afzallikka jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, nogironlar qadri, huquqlari va farovonligini himoya qilishga qaratilgan. Mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi. Ana shunday ezgu an’analarimizni davom ettirgan holda, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligida Ijtimoiy fanlar va Jurnalistika fakultetlari mutaxassilari imkoniyati cheklangan bolalarga ijtimoiy yordam ko’rsatish, moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlash, ular ko’ngliga quvonch olib kirish maqsadida Chirchiq shahar Xalq ta’limi bo’limi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli yordamchi maktab o’quvchilari holidan xabar olishdi. Uchrashuv chog’ida O’zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov imkoniyati cheklangan bolalar bilan dildan suhbat qurib, ularning o’y-hayollari bilan o’rtoqlashdi. Imkoniyati cheklangan o’quvchilarning ijtimoiy moslashuv jarayonini takomillashtirish, ularga psixologik yondashuvning yangi metodlarini ishlab chiqish, analizatorlar, tayanch-harakat tizimi, ularning kognitiv faoliyatining buzilishi va buzilgan fazilatlarni yaxshilashga qaratilgan qo’shimcha ta’lim mazmunini rivojlantirish ilmiy-tadqiqotlarini olib borishga doir vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, O’zMU rektori Inom Madjidov maktabda mavjud sharoit va imkoniyatlarni ko’zdan kechirdi. So’ng, tarbiyalanuvchi mehrga muhtoj qalbli o’quvchilar o’zlarining iste’dodlarini ko’rsatish maqsadida kichik badiiy chiqishlarini namoyish etdilar. Bolalarning yuziga kulgu hamda ko’ngliga quvonch olib kirish maqsadida esdalik sovg’alar ulashildi. Ularning minnatdor nigohlari barchaning ko’ngliga xushkayfiyat va xursandchilik ulashdi. Xulosa o’rnida, safimizdagi imkoniyati cheklanganlarni har tomonlama safimizda mavjudligini taʼminlash uchun ularning teng huquqliligini taʼminlash, qadr-qimmatini himoya qilish darkor. Zero, inson borki, mehrga, e’tiborga ehtiyoj sezadi. Kimningdir ko’nglini ko’tarish, holidan xabar olish asl insoniylikdandir.
O’zMU Axborot xizmati