O‘zbek ilm-fani og‘ir judolikka uchradi
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Hamza nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori, professor, katta adabiyotshunos olim, Umarali Normatov 91 yoshda olamdan o‘tdi.
Umarali Normatov 1931-yili Farg’ona viloyatining Beshariq tumanida tavallud topgan. Adabiyotshunos olim. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1981), filologiya fanlari doktori (1978), professor (1979). Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O’zMU) ning filologiya fakultetini tugatgan (1957).
1962-yildan ToshDU (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetining o‘zbek abadiyoti kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent; kafedra mudiri (1974—2000), kafedra professori (2001-yildan).
1957-yildan adabiy-tanqidiy va ilmiy maqolalari bilan adabiy jarayonda ishtirok etib keladi. Umarali Normatovning ilmiy, adabiy-tanqidiy tadqiqotlari yangi o‘zbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalariga, uning o‘ziga xos anʼanalari va novatorlik xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan.
Ilmiy faoliyatida realizm masalalari, 20-asr o‘zbek adabiyoti, adabiy jarayon hamda adabiy tanqidchiligining o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, Qodiriy, Sh. Xolmirzayev, P. Qodirov, O‘.Hoshimov va boshqa ijodkorlarning asarlari bilan bog‘liq masalalar muhim o‘rin egallaydi.
Umarali Normatov umumtaʼlim maktablarining 5-, 9-, 11-sinflari uchun «O‘zbek adabiyoti» darslik va majmualari, oliy o‘quv yurtlari uchun «XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi» (1999) darsligi mualliflaridan biri. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).
«Nasrimiz ufqlari» (1978), «Qalb inqilobi» (1986), «Qodiriy bog‘i» (1996), «Umumbaxsh tamoyillar» (2000), «Qahhorni anglash mashaqqati» (2000) kabi kitoblar muallifi.
O’zbekiston Milliy universiteti jamoasi marhumning yaqinlari va oila aʼzolariga taʼziya bildiradi.
O’zMU Axborot xizmati