Joriy yilning 27 avgust kuni 23-sonli Mehribonlik uyida Oʼzbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan Oʼzbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida tadbir oʼtkazildi. Mehribonlik uyi qoshidagi doirachilar toʼgaragi qatnashchilari ustozi bilan birgalikda tashrif buyurgan mehmonlarni doira sadosi ostida kutib olishdi.
Dastlab tadbirga yigʼilgan bolalar va mehmonlarning qoʼllari koʼksida turib, davlat madhiyasini gʼurur bilan kuylashdi. Tadbirni 23-sonli Mehribonlik uyi direktori Z.Karimova ochib berdi. Shundan soʼng Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash va qoʼllab-quvvatlashning bir necha tuzilmalari yoʼlga qoʼyilganligi hamda bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va maʼnaviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish zarurligini taʼkidlab oʼtdi. Tadbir mobaynida Oʼzbekiston Milliy universiteti tomonidan oliy oʼquv yurtlariga hujjat topshirib, oʼqishga qabul qilingan, xususiy maktablarga qabul qilingan tarbiyalanuvchi bolalarga sertifikatlar, estalik sovgʼalar va kitoblar jamlanmasi topshirildi. Shu bilan birga, 23-sonli Mehribonlik uyining 18 yoshga toʼlgan 8 nafar bolalari Prezidentimiz tomonidan uy-joy bilan taʼminlandi.
Shuningdek, Oʼzbekiston Milliy universitetining iqtidorli talabalari oʼzlarining badiiy chiqishlarini namoyish etib, oʼz ijod namunalari bilan bolalarni xushnud etdilar. Jumladan, Oʼzbekiston Milliy universitetining iqtidorli talabalari tadbirda raqs va kuy-qoʼshiqlar aytib, davra ruhiga ruh qoʼshishdi hamda bolalarga joʼshqin koʼtarinki kayfiyat bagʼishlashdi.
OʼzMU Аxborot xizmati