Azimboy Sadullaevich Sadullaev – atoqli matematik olim, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.
A.Sadullaev ko‘p kompleks argumentli funksiyalar nazariyasi sohasida ilmiy maktab yaratgan yirik olim, respublikada fan va oliy ta’limning ajoyib tashkilotchisi, matematika rivojiga salmoqli xissa qo‘shib kelayotgan atoqli olim, jamoat va davlat arbobi.
O‘zbekistonda matematik tadqiqotlar-ning yangi yo‘nalishi – kompleks potensiallar nazariyasini shakllanishi va hozirgi kunda bu yo‘nalishda jahonga taniqli ilmiy maktabning tashkil bo‘lishi hamda jadal rivojlanishi bevosita A.S.Sadullaev nomi bilan bog‘liq.
A.S.Sadullaevning kompleks potensial-lar nazariyasini yaratishga yo‘naltirilgan fundamental ilmiy tadqiqotlari ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, jahon matematika jamoatchiligi tomonidan tan olingan va uni ushbu yo‘nalish bo‘yicha jahonga taniqli tadqiqotchilar qatoriga olib chiqqan.
Azimboy Sadullaev 1947 yil 9 yanvarda Xorazm viloyati Shovot tuma-nida ishchi-dehqon oilasida tavallud topdi. 1963 yilda o‘rta maktabni tamomlab, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga kiradi va akademiklar T.A.Sarimsoqov va S.H.Sirojiddinovlarning tavsiyasi bilan 1966 yilda u o‘qishni Moskva Davlat universitetining mexanika-matematika fakultetiga ko‘chiradi. Bo‘lajak olimning iste’dodi talabalik yillaridayoq sezilgan. Dunyoga mashhur olim B.V.Shabat rahbarligida 4-kursda yozgan birinchi ilmiy ishi mutaxasssislar tomonidan yuqori baholandi va SSSR Fanlar akademiyasining “Matematicheskie zametki” jurnalida chop etildi.
1969 yilda Moskva Davlat universitetini muvaffaqiyatli tugatib, “Funksiyalar nazariyasi va funksional analiz” kafedrasi tavsiyasiga ko‘ra 01.01.01-“Matematik analiz” ixtisosligi bo‘yicha aspiranturaga qabul qilindi.
1972 yilda muddatidan oldin u fan nomzodi, 1982 yilda esa fan doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qiladi. 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi, 1995 yil-da esa haqiqiy a’zosi etib saylangan.
O‘tgan asrning 70-80 yillarida ko‘p argumentli golomorf funksiyalar nazariyasini analitik davom qildirish, polinomlar va ratsional funksiya-lar bilan yaqinlashtirish sohalarida qator muammolar paydo bo‘lgan edi. Bunga o‘xshagan muammolar bir kompleks argumentli funksiyalar sinfida klassik potensiallar nazariyasi yordamida oson hal qilingan. Shuning uchun hammutaxassislar oldida ko‘p kompleks argumentli golomorf funksiyalar uchun javob beradigan “Kompleks potensiallar nazariyasi” ni yaratish muammosi turar edi. A.S.Sadullaev o‘z ilmiy izlanishlarini shu yo‘nalishga bag‘ishlaydi va amerikalik matematiklar – E.Bedford va B.A.Teylorlar bilan birgalikda bu nazariya asosini va qo‘llash prinsiplarini yaratishda faol ishtirok etadi. Kompleks potensiallar nazariyasini qurishda olimlar yirik muammolarga duch kelishadi. Agar klassik potensiallar nazariyasi chiziqli Laplas operatori asosida yuzaga kelgan bo‘lsa, ko‘p argumentli “Kompleks potensiallar nazariyasi” chiziqli bo‘lmagan Monja-Amper elliptik operatoriga borib taqaladi. Bu operatorni yechimlarini o‘rganish esa matematikada butunlay yangi uslublarni ishlab chiqishni taqoza qilgandi. 1982 yilga kelib, aytilgan muammolar to‘liq hal qilinadi va “Kompleks potensiallar nazariyasi” yangi nomda “Plyuripotensiallar naza-riyasi” shaklida faoliyat ko‘rsatib boshlaydi. Hozirgi davrda u funksiyalar nazariyasining eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi.
A.Sadullaevning mehnat faoliyati O‘zbekiston Milliy universiteti bilan chambarchas bog‘liq. U 1972-1978 yillarda Matematik analiz kafedra-sida katta o‘qituvchi, dotsent; 1978-1983 yillarda O‘zR FA Matematika institutida katta ilmiy xodim; 1983-1992 yillarda Matematik analiz kafedrasi mudiri, 1985-1992 yillarda Matematika fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan.
1992 yilda A.S.Sadullaev Urganch Davlat pedagogika instituti rektori etib tayinlandi. U rektorlik davrida butun kuch-g‘ayratini, bilimini va tashkilotchilik qobiliyatini viloyat pedagogika institutining o‘quv, o‘quv-uslubiy hamda ilmiy ishlarining mavqeini yuqori ko‘tarishga, institut olimlarining ilm bilan kengroq va chuqurroq shug‘ullanishlariga, chet ellar ilg‘or universitetlari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga, institutni respublika va xalqaro mavqeini yanada yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga qaratdi. Qator yangi zamonaviy yo‘nalishlar, kafedralar tashkil qilindi, iqtidorli yoshlarga alohida e’tibor berilib, ularni yuqori malakali qadrlar bo‘lib yetishishi va oliygohga o‘qituvchi sifatida olib qolinishi yo‘lga qo‘yildi. Bu ishlar natijasi o‘laroq institut tom ma’noda universitet bo‘lib shakllandi va unga Urganch Davlat universiteti maqomi berildi.
Matematik olim A.S.Sadullaev ilmiy texnika rivojida matematika-ning rolini chuqur xis qilib, uning tadbiqlariga katta ahamiyat qaratdi. U 1997-2007 yillarda Xorazm Ma’mun akademiyasi rahbarlik qildi. Bu davrda Xorazmda fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda ilmiy aloqalar doirasi kengaydi, bu yerdan ko‘plab fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi.
Azimboy Sadullaevich 2007 yildan buyon O‘zMUda Matematik analiz kafedrasi professori hamda kafedra mudiri, V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida bosh ilmiy xodim lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.
A.S.Sadullaevning keyingi 15 yil mobaynida bajarib kelayotgan ilmiy izlanishlari alohida e’tiborga sazavordir. Bu davrda u o‘zi va shogirdlarining diqqatini kompleks potensiallar nazariyasi va ko‘p kompleks o‘zgaruvchili funksiyalar nazariyasining qo‘l urilmagan, yanada dolzarb va yanada murakkabroq masalalarni o‘rganishga qaratdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, olimning faoliyatida, ayniqsa yoshlar bilan ishlashda bundan 30 yillar avval o‘zi tomonidan tashkil etilgan va bugungi kungacha muntazam boshqarib kelayotgan ilmiy seminar-ning ahamiyati kattadir. Bu seminar nafaqat O‘zbekiston olimlari uchun, balki qo‘shni davlatlar, xatto uzoq xorij mamlakatlarning matematiklari uchun ham ilmiy muhokama maydoni bo‘lib hizmat qilib kelmoqda.
Domla rahbarlik qilayotgan ilmiy maktab juda ko‘p iqtidorli yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirgan. Jumladan, qator halqaro Olimpiada-larda g‘olib chiqishgan va ko‘plab oltin medallar sohibi bo‘lishgan. Bundan tashqari, ulardan 5 nafari (jumladan 4 nafari 2018-2021 yillarda o‘tkazilgan tanlovda) Prezident stipendiyasiga sazovor bo‘lishgan. Ilmiy maktabda tarbiyalangan ko‘pchilik yoshlar Yevropaning yetakchi universitet-larining granti g‘olibi bo‘lgan va xozirga kunda doktoranturada o‘qishni davom ettirishmoqda
A.Sadullaevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga sazovor bo‘lgan o‘quvchilari: Vaisova Mohira (2009 y.), Shopo‘latov Shomurot (2017 y.), Egamberganov Hakimboy (2018 y.), Ibragimov Shoxruh (2019 y.), Bozorboev Sardor (2021 y.).
Shu bilan birga domla yuqori malakali mutaxassislarning shakllani-shiga katta xissa qo‘shayapti, uning bevosita rahbarligida 6 ta fan doktori va 20 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlangan.
A. Sadullaev Yevropa va Amerikaning 10 dan ortiq davlatlari yetakchi universitetlarida o‘z ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha ma’ruzalar qilgan. Oxirgi 5 yilda u Yevropa va Amerikaning Skopus bazasiga kirgan obro‘li jurnal-larida 20 dan ortiq maqolalar chop qilgan. Uning matematika bo‘yicha olgan ilmiy natijalari bir qator chet el olimlarining monografiyalari va o‘quv qo‘llanmalaridan joy olgan.
A.S.Sadullaev 3 ta monografiya va 6 ta darsliklar hamda respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda nashr qilingan 200 dan ortiq ilmiy asarlar muallifidir.
O‘zbekistonda matematika fanini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan xissasi, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdagi hizmatlari uchun Azimboy Sadullaevich davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. 1990 yilda O‘zbekistan Respublikasi Faxriy yorlig‘i, 2000 yilda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 2020 yilda esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofot-langan.
A.S.Sadullaev fanda erishgan yutuqlarini ko‘plab chet ellarda, Xalqaro ilmiy anjumanlarda namoyish etib kelmoqda. Shu bilan birga, matematik analiz va kompleks potensiallar nazariyasi bo‘yicha o‘tkazilgan bir qancha Xalqaro konferensiyalar tashkiliy qo‘mitasi raisi va a’zosi bo‘lgan.
Azimboy Sadullaev davlat va ilmiy delegatsiyalar tarkibida AQSh, Fransiya, Turkiya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Xitoy kabi ko‘plab davlatlarda bo‘lgan. U 1994 yilda I chaqiriq, 1999 yilda esa II chaqiriq O‘zbekistan Respublikasi Oliy Majlisi deputati etib saylangan.
O‘zining adolatparvar prinsiplariga sodiq, oliy insoniy hislatga ega, ruhan boy, ajoyib olimning ko‘p qirrali butun umri fanga va xalqqa hizmatning yorqin mezonidir.
Azimboy Sadullaevich o‘zining 75 yoshini kuch-quvvatga to‘la, ilmiy va pedagogik faoliyat bilan tinimsiz shug‘ullangan xolda, yangi-yangi ijodiy g‘oyalarni amalga oshirish rejalari bilan kutib olmoqda. Domlaning ko‘p qirrali faoliyatida yangi ijodiy yutuqlar, mustahkam sog‘liq va baht-saodat tilaymiz.