Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 2018 yilda geologiya va geografiya fakultetining 2 ta mustaqil fakultetga ajralishidan tashkil etildi. Aslida mustaqil fakultet sifatida 1920 yildan Turkiston davlat universitetining Harbiy fakulteti tarkibida “Turkiston geografiyasi” va “Geodeziya” kafedralari sifatida o`z faoliyatini boshlagan.
BIZNING VAZIFAMIZ O`zbekistondagi ilmiy tadqiqot, ishlab chiqarish va oliy ta`lim muassasalari uchun tabiiy geografiya, iqtisodiy geografiya, gidrologiya, iqlimshunoslik, kartografiya, geodeziya va boshqa Er haqidagi fanlar sohalari bo`yicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni tayyorlash.
BIZNING QARASHIMIZ
Tabiiy resurslar jamiyat va inson hayotida markaziy o`rinlardan birini egallaydi, chunki tabiat va jamiyat munosabatlari bir-biri bilan chambarchas bog`iq. Jamiyatning barqaror rivojlanishi ko`p jihatdan geoekologik muammolar bartaraf etish nuqtai nazaridan tabiiy geografik jarayonlarni boshqarishning ilmiy asoslangan usullarni ishlab chiqish bilan hamohangdir.
Fakultetda hozirgi paytda keng ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan ilmiy maktablar mavjud:
Professorlar L.N.Babushkin va N.A.Kogay “Tabiiy geografiya va landshaftshunoslik” ilmiy maktabi
Professorlar Z.M.Akromov va A.S.Soliev “O`zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” ilmiy maktabi
Professor A.A.Rafikov “O`zbekiston geoekologiyasi” ilmiy maktabi
Professorlar V.L.Shults va O.P.Sheglova “Tog`li hududlar gidrologiyasi” ilmiy maktabi
Professor T.M.Mirzaliev “Atlas kartografiyasi“ ilmiy maktabi
GEOGRAFIYA VA TABIIY RESURSLAR FAKULTETI – BU KLASSIK UNIVERSITET TA`LIMINING AJRALMAS QISMI
Oliy ma`lumotli geograf-muhandis mutaxassislarini tayyorlash 1935 yildan boshlangan bo`lsada universitet tashkil topgan dastlabki kunlardan boshlab o`lkamizning tabiati, aholisi va xo`jaligini geografik o`rganish masalalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.O`tgan 80 yildan ortiq vaqt mobaynida Geografiya fakulteti O`zbekistonning oliy geografik ta`lim va geografik tadqiqotlarning markaziga aylandi.2015 yilda, Geografiya fakultetining Geologiya fakulteti bilan birlashtirilishidan so`ng, Geologiya va geografiya fakultetining “Geografiya” bo`limiga aylantirildi, 2018 yil yanvardan boshlab Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti sifatida mustaqil fakultet sifatida qayta tiklandi.