Konstitutsiyaviy sud hamda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi

Bugun, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur uchrashuvda Konstitutsiyaviy sud hamda O‘zMUning kelgusi istiqboldagi faoliyatini rivojlantirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga oid dolzarb mavzular ro‘yhatini yaratish va ushbu mavzular bo‘yicha hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, O‘zMU talabalarini Konstitutsiyaviy sudda amaliyot o‘tashga jalb qilish kabi masalalar muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud binosida yaratilgan imkoniyatlar, sud jarayonlariga tatbiq etilayotgan zamonaviy texnologiyalar va ulardan foydalanish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, Konstitutsiyaviy sud faoliyati va dolzarb muammoli mavzular bo‘yicha ilmiy maqolalar, monografiyalar tayyorlash va nashr etish, respublika va xalqaro miqyosdagi imiy va amaliy seminar, konferensiya va davra suhbatlari tashkil etishga kelishib olindi.