Bugun, 19 avgust kuni Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Madjidov Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 23-sonli mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrifdan koʼzlangan asosiy maqsad, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish, yoshlarning holidan xabar olish hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2021-yil 28-iyulь kuni kengaytirilgan tarzda oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashdan iborat.
Universitet rektori Inomjon Madjidov 23-sonli mehribonlik uyi direktori Zebo Karimova bilan hamkorlikda tarbiyalanuvchilarga yanada koʼproq qulayliklar yaratish maqsadida mehribonlik uyining kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga oʼrgatish va ularning kelgusida oliygohlarga kirishiga koʼmaklashish boʼyicha oʼzaro kelishib oldilar.
Tashrif davomida, Inomjon Madjidov universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektori Kamoliddin Mirzaaxmedovga tarbiyalanuvchilarning qiziqish va istaklaridan kelib chiqib, barcha fakulьtet dekanlarini jalb etgan holda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun universitetning yetakchi professor-oʼqituvchilar ishtirokida fan, sport va ijodiy toʼgaraklarni tashkil etish boʼyicha koʼrsatma berdi.
Shuningdek, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi boshligʼi Botir Mallabaev, universitet yoshlar ittifoqi yetakchisi Аbdumoʼmin Usmanov va barcha kafedra mudirlari mazkur mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining holidan muntazam xabar olishi hamda universitetdagi aʼlochi, bitiruvchi kurs talabalarini tarbiyalanuvilarga biriktirish orqali ularga doimiy motivatsiya berib borish amaliyotini yoʼlga qoʼyilishi belgilandi.
OʼzMU Аxborot xizmati