Salkam 100 yoshni qarshilayotgan “Mushtum” dolzarb va oʻtkir hajviyalari, karikatura va maqolalari bilan barcha oʻzbek oilalariga tanish va qadrdon. Jurnalning xalqimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotini aks ettiruvchi oʻtkir yumoristik ruhi taraqqiyparvar jadidlarimizning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq bugungi kungacha yetib keldi.
O’zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida “Mushtum” jurnali bosh muharriri Nosirjon Toshmatov bilan ochiq davra suhbati o’tkazildi. Unda Jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabalari bilan o’z ijodiy faoliyati bilan o’rtoqlashdi.
Xabaringiz bor, “Mushtum” jurnali 2019-yilda iqtisodiy qiyinchiliklar va epidemiologik vaziyat sabab oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi va joriy yilda “Mushtum” jurnali yana qayta tashkil etildi. Uchrashuvda Nosirjon Toshmatov talaba-yoshlarga jurnalning yangi yoʻli, hajviy-tanqidiy materiallar tayyorlash, jamiyatni turli illatlardan tozalovchi maqola, feletonlar bilan bir qatorda karikaturalar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.
— “Mushtum” jurnali — bizning maʼnaviy mushtimiz. Jurnal har doim, ayniqsa, bugungi kunda jamiyatimizga nihoyatda kerak. Pandemiya vaqtida xalqimizdan jurnalni qayta chop etishni soʻrab koʻplab murojaatlar kelib tushdi, — deydi Nosirjon Toshmatov. —Koʻplab saʼy-harakatlar natijasida va ayrim millatparvar homiylar koʻmagida biz jurnal faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishga erishdik. Biz Jurnalistika fakulteti talabalari bilan hamkorlikda ishlashga tayyormiz.
Ochiq davra suhbatida talaba-yoshlar o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
O’zMU Axborot xizmati