OʻzMUda diasporologiya masalalariga bagʻishlangan xalqaro konfereniya boʻlib oʻtdi

Bugungi kunda ziddiyatli hamda etnik mojorolar avj olib borayotgan global dunyoda turli millatlar va elatlar oʻrtasida ahillikni ta’minlash, barqaror rivojlanish hamda xalqaro hamkorlik va doʻstlikni mustahkamlashda diasporalararo muloqot juda muhim ahamiyatga ega boʻlib bormoqda.

Statistik ma’lumotlarga koʻra rivojlangan mamlakatlarda aholining 7 tadan bittasi xorijlik emmigrant hisoblanadi. Oʻzbekiston aholisini etnik xilma-xilligidan kelib chiqib hamda aholi nufusini oshib borishini hisobga oladigan boʻlsak, mamlakatmizda turli diasporalar oʻrtasida ahillikni ta’minlash, shuningdek xorijdagi vatandoshlarimiz man’faatlarini himoya qilish muhim za’ruratga aylanib bormoqda.
Yurtimizda millatlararo munosabatlar hamda xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik va migrantlarning huquqlarini himoyalash Oʻzbekistonning yangi siyosati vektorlariga aylanib bormoqda.

Ma’lumot uchun bugungi kunda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari joylashgan mamlakatlarda va ularning konsullik okrugiga kiruvchi davlatlarda 150 dan ortiq diasporal tashkilotlar, milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. Ular ishtirokida Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, urf-odatlari va milliy bayramlariga bagʻishlangan hamda respublikamizning sayyohlik salohiyatini xorijiy jamoatchilikka keng targʻib qilishga yoʻnaltirilgan tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Xorijdagi vatandoshlarning jamoat birlashmalari qoshida “Oʻzbek tili va madaniyati” kurslari hamda “Oʻzbek yakshanba maktablari” tashkil etilib, ularga ona tilini mukammal oʻrgatish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu yilning 26-sentyabr kuni Oʻzbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Globallashuv davrida diaporalarning rivojlanishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ayni davrdagi diasporalarni ilmiy va amaliy oʻrganishga bagʻishlangan platforma boʻlib xizmat qildi.

Oʻzbekistondagi ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi Gdansk (Polsha) shahridagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi, “Sibir xotirasi” muzeyi (Polsha), Oʻzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi kabi 10ga yaqin xalqaro hamda mahalliy tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan konferensiya Oʻzbekistonda diasporologiya sohasiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Anjuman kun tartibida AQSh, Polsha, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Isroil kabi davlatlardan tashrif buyurgan 20ga yaqin olimlar, ekspert va mutaxassislar ilk bora diasporologiya fanining rivojlanishi, Markaziy Osiyo diasporalari, ularning hayoti, Oʻzbekistondagi diasporalarning faoliyati va shu kabi qator masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashishdi.

Ekspertlar tomonidan nafaqat diaspora sohasi, balki, antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, folklor va boshqa koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha tahliliy va nazariy xulosalar berildi.

Anjumanda diasporologiya sohasiga davlat darajasida e’tibor qaratish masalalari, migrasion jarayonlar ta’sirida tub joy aholi va diasporalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masalalari ham keng yoritildi.

Tadbir nihoyasida sohani rivojlantirishga oid ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro grantlar ustida ishlash hamda yosh olimlarni keng jalb qilishga kelishib olindi.

O‘zMU Axborot xizmati