Oʼzbek olimasi oziq-ovqat xavfsizligi boʼyicha yuqori ekspertlar kengashiga saylandi


Oʼzbekiston Milliy universiteti qoshidagi “Oʼzbek-Xitoy” qoʼshma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi rahbari professor Dilfuza Egamberdieva “Oziq-ovqat xavfsizligi” boʼyicha yuqori darajadagi ekspertlar kengashiga (HLPE) ikkinchi marotaba saylandi.
Butunjahon “Oziq-ovqat xavfsizligi” qoʼmitasi 2019 yil oktabrda boʼlib oʼtgan 46 yalpi sessiyasida, yuqori darajadagi ekspertlar kengashiga “Oziq-ovqat xavfsizligi” boʼyicha maʼlumotlar bazasini yaratish boʼyicha hisobot tayyorlab 2022 yildagi sessiyaga taqdim etishni soʼragan.
Ekspertlar kengashi faoliyati davomida professor Dilfuza Egamberdieva Oziq-ovqat xavfsizligining hozirgi holatini har tomonlama tahlil qilish, shu boradagi siyosat bilan bogʼliq masalalarni yoritish va ilmiy asoslangan tavsiyalar berish va oziq-ovqat taʼminotidagi ustuvor yoʼnalishlarni belgilash boʼyicha tavsiyalar berishdan iborat.
Dilfuza Egamberdieva Oʼzbekiston Milliy universitetida faoliyat boshlashidan oldin 2019 yilda Xitoy Fanlar akademiyasining Ekologiya va geografiya institutida professor va Leibniz qishloq xoʼjaligi landshaft tadqiqotlari markazida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat olib borgan. Qishloq Xoʼjalik fanlari doktori ilmiy darajasiga Germaniyaning Gumboldt universitetida sazovor boʼlgan. Hozirgi vaqtda Dilfuza Egamberdieva YuNESKOning Osiyo va Tinch okeani mintaqasining fan va texnologiyalari boʼyicha tarmogʼining rais oʼrinbosari (STEPAN) (2021-2023) va Аmerika Mikrobiologiya Jamiyatining (ASM) Oʼzbekistondagi elchisi (2021-2023) vazifalarida faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari, professor Dilfuza Egamberdieva 2017-2018 yillari Germaniya ilmiy-gumanitar fanlar kengashining (WR) ekspert guruhi aʼzosi boʼlib ishlagan.
OʼzMU Аxborot xizmati