Bugun, 6 sentabr kuni Oʼzbekiston Milliy universiteti (OʼzMU)ning ochiq maydoni bayramona bezandi. OʼzMU professor-oʼqituvchilari va talabalar yuzida kulgu, oʼzaro yangi oʼquv yili qutlovlarini qabul qilishmoqda. Аyniqsa, universitetga yangi qabul qilingan 1 bosqich talabalarining qalbidagi hayajon “Men talaba boʼldim!”, degandek dadil qadam tashlashida yaqqol koʼzga tashlanadi. Universitetning 1 bosqich talabalarini kutib olish tantanali marosimi dillardagi quvonchga quvonch qoʼshdi. OʼzMU rektori Inom Madjidov bayram ishtirokchilari va 1 bosqich talabalarini xalqimizning eng ulugʼ, eng aziz bayrami – mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami hamda yangi oʼquv yili bilan tabriklar ekan, universitet jamoasining oʼtgan oʼquv yilida erishgan bir qator yutuqlarini alohida eʼtirof etib oʼtdi.
Shuningdek, tadbirda OʼzMU yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektori Kamoliddin Mirzaaxmedov soʼzga chiqib, yangi oʼquv yilida amalga oshirilishi zarur chora-tadbirlar, rejalar bilan tanishtirib oʼtdi, barchaga yangi oʼquv yilida zafarlar tilab qoldi.
Bayram tadbirida soʼz olgan Prezident davlat stipendiyasi sovrindori Feruza Bekmurodova talabalik baxtiga erishgan yoshlarga yangi oʼquv yilida omad va zafarlar tilab qolib, aynan OʼzMU bilan koʼzlagan maqsadlariga erishishlarini taʼkidlab oʼtdi.
OʼzMU talabalari bayromona kayfiyat bilan yangi oʼquv yilining birinchi darsi – Mustaqillik darsiga yoʼl olishdi. Shuningdek, karantin qoidalariga toʼliq rioya etgan holda barcha oʼquv xonalarida yuqori bosqich talabalari uchun “Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida Mustaqillik darslari tashkil etildi. 1 bosqich talabalari uchun universitetning professor-oʼqituvchilari tomonidan tanishtiruv haftaligi boshlandi. Mustaqillik darslarida oxirgi yillarda mamlakatimizda yana bir muhim uygʼonish jarayoni kechayotgani, yaʼni “Yangi Oʼzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʼzlari hayotimizda oʼzaro uygʼun va hamohang boʼlib yangrayotgani,
Uchinchi Renessans davrida yoshlarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish muhim ekanligi, bu borada ularda katta masʼuliyat borligi, bugungi kunda Oʼzbekiston demokratik oʼzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib borayotganligi toʼgʼrisida maʼruzalar qilindi. Shu bilan birga, ushbu haftalik mobaynida talabalarni dunyodagi eng ilgʼor taʼlim tizimi boʼlmish kredit-modulь tizimining mazmun-mohiyati, oʼquv jarayoniga tatbiq etilish tartibi, oliy taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalari va shu kabi zaruriy axborotlar bilan tanishtiriladi.
“Men talaba boʼldim!” deya faxr bilan OʼzMUga qadam qoʼygan barcha talabarning ilk kuni unitilmas lahzalarga boy boʼlganiga ishonamiz. Sizlarga yangi oʼquv yilida yangi ulkan yutuqlar tilaymiz, aziz talabalar!
OʼzMU Аxborot xizmati