O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

Joriy yilning 18-oktyabr sanasida O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek tilshunosligi kafedrasi tashabbusi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbek tili tadqiqi va ta’limi muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy amaliy anjuman o‘tkazildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi qadr-qimmati va obro‘sini oshirish borasida keng ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil etilishi bu sohadagi ishlarni tartibga soldi. Yurtboshimizning davlat tiliga oid imzolagan farmonlari asosida ishlab chiqilgan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” fikrimizning yaqqol dalilidir.

Barcha jabhalarida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida qator ishlar olib borilmoqda.
Ushbu anjuman dunyo reytingida eng yuqori o‘rinlardan joy olgan Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti (Qozog‘iston), L.N.Gumilev nomidagi Yevro-Osiyo Milliy universiteti (Qozog‘iston), Qozon federal universiteti (Rossiya), Anqara universiteti (Turkiya) va Niyda Omar Holisdemir universitetlari (Turkiya), “Qo‘lyozma va folkloristika” ilmiy-innovatsion markazi hamda “ASMIRUS” ilmiy anjumanlarni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgani alohida ahamiyatga ega. Mazkur konferensiya yuqoridagi universitetlar bilan kelajakda ilmiy va pedagogik aloqalarni kengaytirishga zamin yaratadi, shuningdek, o‘zbek tilining tadqiqi va ta’limi doirasini xalqaro miqyosda oshishiga xizmat qiladi.

Xalqaro anjumanga respublikamiz va xorijdan 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar kelib tushgan bo‘lib, yalpi majlisida o‘zbek tilining xorijdagi tadqiqi bilan shug‘ullanayotgan Hikmet Korash, Alfiya Yusupova, Aynur O‘z O‘zjan, Marjan Axmetova kabi yirik olimlarning hamda Ibrohim Yo‘ldoshev, Muhabbat Qurbonova, Laylo Raupova, Ra’no Sayfullayeva kabi o‘zbek tilshunoslarining tabrik so‘zlari va ma’ruzalari o‘rin olgan.