Assalomu alaykum, hurmatli professor-o’qituvchilar, muhtaram jamoa, qadrli talaba-yoshlar!
Kuni kecha dunyoning ta’lim tizimidagi tahliliy agentligi hisoblangan QS World University Rankings 2025 yilda eng nufuzli universitetlar reytingini e’lon qildi. Mazkur reyting dunyo universitetlarining akademik obro‘, ish beruvchilar obro‘si, iqtiboslik, ilmiy hamkorlik, xorijiy talabalar va professorlar soni, barqarorlik va talabalarning o‘qituvchilar salmog‘i nisbati kabi ko‘rsatkichlari bo‘yicha natijalariga asoslandi.
Quvonarlisi, mazkur reytingda bu yil O‘zbekistondagi ikki universitet, ya’ni O‘zbekiston Milliy universiteti hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti jahondagi TOP-1000 universitetlar ro‘yxatida qayd etildi.
Barchangizni xalqaro maydondagi katta natija, quvonchli yutuq bilan tabriklayman. Bu muvaffaqiyatga erishishda katta hissa qo‘shgan universitetimiz jamoasi, professor-o‘qituvchilari, izlanuvchan tadqiqotchilari, ilm-fan yo‘lidagi zahmatkash ilmiy xodimlar, olimlarimiz mehnatlarini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz va buni doimo qadrlaymiz..
Bu yutuq ustozlarimiz, Siz aziz hamkasblarimizning mehnatlaringiz samarasidir. Shu o‘rinda g‘urur bilan ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyodagi almamater bo‘lgan universitetimiz o‘zining 106 yillik yoshigacha to‘plagan tajribasi, yaratgan ilmiy maktablari, kashfiyotlari, yutuqlari ortida bizgacha bo‘lgan davrlarda faoliyat yuritgan muhtaram ustozlarning ham bugungi muvaffaqiyatda hissasi beqiyosdir. Ular qo‘yib ketgan ilm va ta’lim yo‘lidagi tamaltosh bizni bu pog‘onaga ko‘tarilishimizga asos bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ma’lumki ilm-fan sohalarida universitetda shakllangan ilmiy maktablar dunyo miqyosida tan olingan. Jumladan, ehtimollar nazariyasi sohasi bo‘yicha akademik T.A.Sarimsoqov, akademik S.X.Sirojiddinov, differensial tenglamalar bo‘yicha akademik M.S.Salohiddinov, kimyo bo‘yicha akademik O.S.Sodiqov, biokimyo bo‘yicha akademik Yo.X.To‘raqulov, paxta genetikasi bo‘yicha akademik J.A.Musayev, yadro fizikasi va kosmik nurlar bo‘yicha akademik S.A.Azimov, optika va akustika bo‘yicha akademik P.Q.Habibullayev, geologiya bo‘yicha akademiklar X.Abdullayev, V.I.Popov, akademik T.N.Dolimov va boshqa ko‘plab olimlarni keltirish mumkin. O‘zbekiston qahramonlari Ozod Sharofiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Turgun Azlarov, Suyima Gʻaniyeva, Shavkat Ayupov va Ibrohim Gʻofurovlar shu universitetda ta’lim olganliklarini yuksak sharaf bilan e’tirof etish zarur.
So‘nggi yillarda yurtimizda oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, sohani xalqaro miqyosga olib chiqish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiboridagi muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur konsepsiyada O‘zbekiston Milliy universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Universitetimizning dunyo miqyosidagi kuchli 1000 talik OTMlar qatoridan joy olishi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda salmoqli qadam bo‘ldi. Bugungi muvaffaqiyatlar jamoamizga yangi marralarni belgilab beradi, kelgusida ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti zaminida o‘nlab ilmiy-madaniy markazlar, oliy ta’lim muassasalari tashkil topgan bo‘lib, 100 nafardan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademiklari, 2000 dan ortiq fan doktorlari, professorlar hamda 10 000 ga yaqin fan nomzodlari, falsafa doktori (PhD) va dotsentlar yetishib chiqqan.
Universitet tashkil etilganidan buyon respublikamiz va boshqa xorijiy mamlakatlar uchun 200 mingga yaqin malakali mutaxassislar tayyorlab bergan. Universitet 1918-yilda tashkil etilib, bir asrdan ortiq faoliyati mobaynida nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki jahon miqyosidagi minglab salohiyatli kadrlar, ilm-fanning ilg‘or vakillarini tarbiyalagan, ilm-fan maktablari yaratgan dargohdir.
Universitet faoliyati va maqomi bilan mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida o‘z nomi va xalqimiz ishonchini oqlagan holda ushbu mas’uliyatli vazifalarni ham muvaffaqiyatli bajarishda davom etadi, degan umiddaman.
Biz bu muvaffaqiyatlarga universitetimizning uyushqoq va kuchli jamoasi bilan birgalikda erishdik. O‘ylaymanki, bundan keyin ham bizni yuksak marralar kutib turibdi. Yana bir bor ulkan yutuq bilan barchangizni tabriklayman.
Inom Madjidov,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor