O‘zbekiston Milliy universitetida talabalarni alohida guruhlarda mutaxassislik fanlarini chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi

Universitetda dastlabki bosqichda Fizika, Kimyo, Biologiya, Matematika, Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetlarida bittadan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2023-2024-o‘quv yilining 1-kurs talabalari uchun alohida guruhlarda mutaxassislik fanlarini o‘qitishning chuqurlashtirilgan tartibi joriy etildi. 

Bugun, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov kimyo va fizika fakultetlarida bo‘lib, u yerda tashkil etilgan mutaxassislik fanlari chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladigan guruhlar faoliyati bilan tanishdi. 

Ushbu yangicha tartibdan ko‘zlangan maqsad talabalarning chuqur bilim olishlari, o‘z qobiliyati, salohiyati va iqtidorini namoyon qilishlariga imkoniyat yaratish va ko‘mak berish, malakali professor-o‘qituvchilarni qobiliyatli talabalar bilan individuval ishlashga jalb qilish, yoshlarni ilm-fan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari buyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga safarbar etish, maxsus o‘quv dasturlari va progressiv pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish, bakalavrlarni tegishli tadqiqot yo‘nalishi (mavzusi) bo‘yicha magistratura bosqichiga manzilli tayyorlash, buyurtmachilar talablarini qondiruvchi malakali kadrlarni yetishtirishdan iboratdir. 

Kelgusidagi faoliyatini ilmiy izlanishlarga qaratishni reja qilgan iqtidorli talabalar imtihon asosida saralab olindi. Ular uchun tegishli mutaxassislik fanlaridan yangi fan dasturlari tuzildi va alohida dars jadvali asosida chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitish tashkil qilindi. Kuning ikkinchi yarmida ushbu guruh talabalari uchun qo‘shimcha fakultativ darslar ham yo‘lga qo‘yildi. 

Prorektor maxsus guruh talabalari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, ular bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida talabalarning yangicha imkoniyat haqidagi fikrlari va takliflari tinglandi. 

Talabalar fanning tegishli mavzulariga doir ilmiy adabiyotlarni tahlil qilish orqali tajriba orttirayotgani, darslarning sifatli olib borilayotgani, professor-o‘qituvchilarining individual ishlash mahorati haqida so‘z yuritishdi. 

Uchrashuv so‘nggida chuqurlashtirilgan guruh faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi.

Manba: O‘zMU Axborot xizmati