O‘zbekiston Milliy universitetining 2021-yil yakunlari: natijalar va istiqboldagi rejalar

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Universitet bir asrlik faoliyati davomida 100 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab, mamlakatimizning barcha sohalarini yetuk kadrlar bilan taʼminlashda katta xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, universitet 2021-yilda QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi tomonidan Rivojlanayotgan Yevropa va O‘rta Osiyo davlatlari reytingida 100 pog‘ona yuqorilab, 254+ o‘rinni egalladi va Akademik obro‘ ko‘rsatkichi bo‘yicha +155 o‘rin bilan QS EECA University natijasiga ko‘ra, eng kuchli universitetlar tarkibiga kirdi.

Bir asrlik tarixga, boy anʼanalarga va innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan  ilm-u maʼrifat va taʼlim-tarbiya sohasidagi yutuqlarni yanada ko‘paytirish, Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish uchun qatʼiyat va shijoat bilan mehnat qilib kelayotgan O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasini munosib taqdirlash maqsadida bugun – 25-dekabr kuni “2021-yil yakunlari: natijalar va istiqboldagi rejalar” nomli 2021-yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, soha prorektorlari, akademiklar, professor-o‘qituvchilar, bo‘lim boshliqlari va universitet xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Toshqulov Abduqodir O’zbekiston Milliy universitetining joriy yildagi yutuqlari, xususan, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash, taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy oʻquv adabiyotlarini yaratish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish asosida dunyoda tan olingan reytinglarga kirish boʻyicha salmoqli ishlarini eʼtirof etdi.

– Hamma oliy taʼlim muassasalarida ham uchramagan natija, xususan, ilmiy salohiyat 58% dan yuqori, 2021-yilda 8 nafar fan doktori (DSc), 62 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalari boʻyicha dissertatsiyalar himoyalari amalga oshirilgan. Eng qizigʻi, juda katta xarajatlarsiz qariyb 1500 oʻrinli talabalar uchun turar-joylar barpo etilgani ayni haqiqat, – dedi Abduqodir Toshqulov.

Shuningdek, kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlim sohasi boʻyicha ikkita  tarixiy, aytish joiz boʻlsa, revolyutsion qarorlarga imzo chekkanlarini taʼkidlab, 35 ta davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik, akademik va tashkiliy-boshqaruv sohalari borasida esa qator vakolatlar berilganligini bildirdi.

– Oliy ta’limda bo‘lib turib, bu qarorlarning ichiga kirib, ijrosiga men ham hissa qo‘shaman demagan odam, u bizning sohamizga begona. 

– Bosh maqsad – davlat oliy taʼlim muassasalarining qoʻlini yechish, ularga xususiy va xorijiy taʼlim muassasalari filiallari bilan raqobatga kirishish uchun mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatini berish.


Shuningdek, universitetning bir guruh universitet professor-o‘qituvchilarning mehnatlari Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri tomonidan munosib taqdirlandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori so‘zga chiqib, universitet jamoasining joriy yildagi yutuqlari va natijalari bilan samimiy tabrikladi. Tadbir davomida quyidagi 7 ta nominatsiya bo‘yicha faol professor-o‘qituvchilar sertifikat, kompyuter jamlanmasiga vaucher va 5 000 000 so‘m pul mukofotiga vaucherlar bilan taqdirlandilar:

– Yilning eng faol o‘qituvchisi (3 nafar);

– Yilning eng faol maqolalar muallifi (Scopus bazasidagi jurnallarda eng ko‘p maqolalar chop etgan professor-o‘qituvchilar) (3 nafar);

– Yilning eng faol o‘quv adabiyotlari muallifi (3 nafar);

– Universitetning akademik obro‘sini oshirishga qilgan xizmatlari uchun (3 nafar); 

– Yilning eng faol kafedrasi (TOP-1000 universitetlardan jalb qilingan professor-o‘qituvchilar

 – Yilning eng faol maʼnaviyat targ‘ibotchisi (3 nafar);

 -Universitetga homiylik mablag‘lari jalb qilishdagi xizmatlari uchun (3 nafar).

Tadbir bayramona konsert dasturi bilan yakunlandi. 

O‘zMU Axborot xizmati